Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan Respublika yosh tadbirkorlar va fermerlari forumini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Forum doirasida kichik biznes va fermerlikni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbatlari, ilg‘or tadbirkorlar va fermerlar ishtirokidagi master-klasslar, yangi biznes g‘oyalar va loyihalarning taqdimotlari, fotoko‘rgazmalar tashkil etiladi. Tadbirlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat organlari va jamoat tashkilotlari rahbarlari, respublikaning turli xududlaridan yosh tadbirkorlar va fermerlar ishtirok etishadi.
O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri Sardor Maripovning ta'kidlashicha, Forumning asosiy maqsadi yosh tadbirkorlar va fermerlar qo‘lga kiritayotgan yutuqlarni targ‘ib qilish, ularni yangi marralarga undash va ular uchun muloqot maydonini yaratishdan iborat. Bugun minglab yosh tadbirkorlar va fermerlar Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga intilmoqda. Mamlakatimizda mavjud jami tadbirkorlik sub'yektlarining 32 foizdan ortig‘ini yoshlar boshqarmoqda. Ular mamlakat iqtisodiyotiga o‘z ulushini qo‘shish barobarida o‘z tengdoshlarini ish bilan ta'minlashga ham o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.
Respublika yosh tadbirkorlar va fermerlari forumi avgust oyining birinchi dekadasida “Bugun biz safdamiz!” shiori ostida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Forum haqidagi qo‘shimcha ma'lumotlarni www.uzlidep.uz veb-saytidan olish mumkin.