17 iyul oqshomida Yerevanda jiddiy voqealar sodir bo‘lmadi va tun osuda o‘tdi. Bu haqda politsiya ma'lumotiga asoslanib, TASS agentligi xabar tarqatdi.
Yerevan janubidagi Erebuni tumanida joylashgan politsiya patrul-post xizmati polki qurolli shaxslar guruhi tomonidan qo‘lga olinganidan 1 kun o‘tdi. Armaniston poytaxtidagi Movses Xorenatsi ko‘chasi politsiya mashinalari, zirhli mashinalar va harbiy yuk mashinalari bilan bekitib qo‘yilgan.
17 iyul kuni tongida, mahalliy vaqt bilan soat 04:00da muxolifatdagi radikallarning 30 kishilik guruhi politsiya patrul-post xizmati polki darvozasini buzib kirib, binoni egallab oldi va uning ichidagi xizmatchilarni garovga oldi. Hujum vaqtida polk boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Artur Vanoyan halok bo‘lgan va 2 kishi jarohatlangan.
Qurolli guruh muxolif siyosatchi, «Yangi Armaniston» jamoat qutqaruv jabhasi yetakchisi Jirayr Sefilyanni hibsdan ozod etishni hamda hukumat iste'fosini talab qildi. Sefilyan 26 iyun kuni hibs qilingandi. Tergov davomida u o‘z tarafdorlari bilan Yerevandagi telekommunikatsiya binolari, xususan teleminorani qo‘lga olishni rejalashtirgani ma'lum bo‘lgan.
Armaniston MXX yuqori lavozimli harbiylar bu guruh bilan garovdagilarni ozod etish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ma'lum qilgan. Dastlab 8 kishi garovda tutib turilgani ma'lum bo‘lgandi. Keyinchalik maxsus amaliyot orqali 2 kishi ozod etildi. Ayni vaqtgacha 6 kishi garovda qolmoqda.
Erebuni Yerevanning eng aholi zich yashaydigan tumanlaridan biri hisoblanadi. Polk o‘rnashgan hudud yaqinida Erebuni politsiya bo‘limi, tuman birinchi instansiya sudi hamda mahbuslarni vaqtinchalik saqlash muassasasi binolari joylashgan.
Tumanda yashovchi aholi vakillarining guvohlik berishicha, ertalab mahalliy vaqt bilan 05:00 da o‘q ovozlari va portlashlar eshitilgan. Tomlarga snayperlar joylashtirilgan.