Turkiya hukumati Injirlik harbiy aviabazasi boshlig‘i general Bekir Erjon Vanni qo‘lga oldi. Reyter agentligining turkiyalik amaldorga asoslanib xabar qilishicha, u davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etganlikda ayblanmoqda.
Bundan oldinroq Turkiya hukumati aviabazaga kirishni yopib qo‘ygani xabar qilingandi. Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, baza hududida bir qancha amaldorlarni qamoqqa olish ishlari o‘tkazildi.
Turkiya hukumati shu vaqtgacha armiyaning o‘rta va oliy bo‘g‘ini vakillaridan 6000 nafarini davlatga xiyonatda ayblab hibs qildi.
Injirlik aviabazasidan AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya (AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Qatar) samolyotlari Suriyadagi IShID pozitsiyalariga zarba berishda foydalanib kelardi. 16 iyul kuni kechqurun Pentagon Turkiya o‘z havo kengliklarini yopib qo‘ygani uchun IShIDni bombalash ishlari vaqtinchalikka to‘xtaganini ma'lum qildi.