Turkiyada fitnaga aloqadorligi uchun 51 nafar yuqori martabali harbiy amaldor qamoqqa tashlandi

Jahon 17:49 / 17.07.2016 4928

Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinishdan keyin maxsus xizmatlar 51 nafar yuqori martabali harbiy amaldorni hibsga oldi. Bu haqda Anadolu axborot agentligi xabar tarqatdi.

Hukumatga qarshi isyonga aloqadorlarni qo‘lga olish tadbirlari doirasida Denizli garnizoni boshlig‘i hamda 11-polk generali Kamil O‘zxon O‘zbakir ham bor.

Qo‘lga olingan 105 nafar harbiy amaldordan 58 nafariga nisbatan sud jarayoni yakunlangan. Qolganlar garov puli evaziga ozodlikka chiqarilgan.

Hibsga olinganlar Izmirdagi qamoqxonaga tashlangan.

Bundan oldinroq, Turkiya harbiy-havo kuchlarining Balikesirdagi bazasi boshlig‘i general-leytenant Ishoq Dayio‘g‘li harbiy to‘ntarishga aloqadorlikda gumon qilinib, qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Turkiya harbiy-havo kuchlarining sobiq qo‘mondoni, general Akin O‘zturk ham qamoqqa tashlangan. Aynan u isyonchilar yetakchisi sifatida hisoblanmoqda.

16 iyulga o‘tar kechasi Turkiyada harbiy to‘ntarishga urinish yuz berdi. 16 iyul tongida esa isyonkor harbiylar taslim bo‘lishni boshladi.

Turkiya bosh vazirining ma'lum qilishicha, to‘ntarishga aloqadorligi gumon qilinib, qo‘lga olinganlar soni 6000 nafarga yetdi.

Ko‘proq yangiliklar: