Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinishga aloqadorlikda ayblanib 6000 harbiy hibsga olindi

Jahon 15:51 / 17.07.2016 6488

Turkiya qurolli kuchlarining oliy va o‘rta bo‘g‘inining 6 ming vakili mamlakatda harbiy to‘ntarishga urinishdan so‘ng qo‘lga olindi. Bu haqda Turkiya Adliya vaziri Bekir Bo‘zdog‘ bayonotiga asoslanib Reyter agentligi xabar tarqatdi.

Vazir hibsga olinganlarga nisbatan sud jarayoni davom etishini bildirgan.

16 iyulga o‘tar kechasi Turkiya hukumati davlat to‘ntarishiga urinish sodir etilgani haqida ma'lum qildi. Turkiyalik harbiylar hukumatni o‘z qo‘liga qolgani haqida e'lon qildi. 16 iyul kuni ertalab isyonchi harbiylar taslim bo‘la boshladi. Turkiya hukumati fitna bostirilgani haqida e'lon qildi.

Bundan oldinroq, mamlakat bosh vaziri Binoli Yildirim Anqaradagi matbuot anjumanida bu ish doirasida hibsga olinganlar soni 2800 nafardan oshgani haqida ma'lum qilgandi.

Yildirim besh general, 28 polkovnik o‘z lavozimidan mahrum etilgani, harbiy to‘ntarishga urinishda ishtirok etgan yana bir general esa o‘ldirilganini ma'lum qilgandi.

Yildirim isyonning mamlakatdagi barcha qatnashchilari prokuratura qo‘lida ekanligi va jazodan qochib qutulmasligini aytib o‘tdi.

Harbiy to‘ntarishga urinish natijasida qurbon bo‘lganlar soni 265 kishi bo‘ldi, shundan 104 nafari isyonchilar.

Ko‘proq yangiliklar: