OAV: Gretsiyaga qochib o‘tgan turkiyalik harbiylar davlat to‘ntarishiga urinishga aloqadorligini rad etishdi

Jahon 14:52 / 17.07.2016 4501

Turkiyadan vertolyot orqali qo‘shni Gretsiyaga qochib o‘tgan va boshpana so‘ragan 8 nafar harbiy 16 iyul kuni kechasi amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga urinishga aloqador emasligini bildirgan. Ular o‘z jonlarini saqlab qolish uchun mamlakatdan ketishgan. Bu haqda The Times of Changes xabar tarqatdi.

16 iyul kuni Black Hawk rusumli vertolyot orqali 8 nafar turkiyalik harbiy Gretsiyaning Aleksandrupolis shahridagi aeroportga qo‘ndi. Harbiylar Gretsiya hukumatidan siyosiy boshpana so‘ragan.

Gretsiya hukumati turkiyaliklarni olib qolib, vertolyotni Turkiyaga qaytardi.

Gretsiyaga qochib o‘tganlarning 3 nafari mayor, 3 nafari kapitan va ikki nafari unter-ofitser ekani aytilgan.

"Biz davlat to‘ntarishi rejasi haqida hech narsa bilmasdik. Bu qo‘mondonlarimizning ishi. Biz bu harakatda qatnashmadik. Bizga ikki vertolyot bilan Istanbul atrofiga borish buyrug‘i berildi. Bizga pastdan turib o‘q uzila boshlanganida jarohatlanganlarni tashish bilan mashg‘ul edik. Biz o‘z jonimiz tashvishini qildik. Biz pastda tartibsizlik boshlanganini ko‘rdik. Shundan keyin qochishga qaror qildik", degan turkiyalik zobitlar.

Aleksandrupolis aeroporti eng yaqin aeroport sifatida tanlangan.

Xabar qilinishicha, ular oqlovchi va Turkiyadagi oilalari bilan aloqa o‘rnatish imkonini so‘rashgan. Harbiylar Gretsiyada qo‘lga olinganida kombinezonlar bo‘lishgan. Ular o‘zlariga fuqarolik liboslari berilishini so‘rashgan.

Yakshanba kuni turkiyalik harbiylar prokuror huzuriga yetkazilgan.

Afina axborot agentligi xabariga ko‘ra, ular Gretsiya hududiga noqonuniy kirish va ikki mamlakat munosabatlariga zarar keltirishga urinishda ayblandi. Ular o‘z ayblariga iqror bo‘lishgan va sud jazosi yengillashtirilishiga umid qilishmoqda.

Sud 18 iyul kuni boshlanadi. Jarayon bir necha hafta davom etishi mumkin.

Turkiya va Gretsiya hukumatlari Turkiyadagi davlat to‘ntarishida qatnashgan harbiylarni iloji boricha tezroq Turkiyaga qaytarish borasida muzokaralar olib borishgan. Qochoqlarning o‘z mamlakatlarida konstitutsion tizimga qarshi harakat qilganlari bu jarayonni tezlatishi mumkin.

Avvalroq Turkiyada davlat to‘natirishini amalga oshirishga uringan harbiylarga nisbatan eng og‘ir jazo qo‘llanishi aytilgan edi. Turkiya bosh vaziri mamlakatda o‘lim jazosi bekor qilinganiga qaramay bunday jinoyatchilarni jazolash uchun qayta tiklanishi mumkin ekani haqida ma'lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: