Nestlé kompaniyasi Family suv ishlab chiqaruvchisiga qarshi sud ishida yutib chiqdi

O‘zbekiston 11:50 / 17.07.2016 30199

Toshkent xo‘jalik sudi O‘zbekistonda «Nestle O‘zbekiston» qo‘shma korxonasini tashkil etgan Société des Produits Nestlé S.A. (Shveytsariya) kompaniyasining Family Group kompaniyasi tomonidan savdo belgisiga bo‘lgan huquqlarining buzilishi to‘g‘risidagi da'vosini ijobiy qondirdi. Bu haqda Gazeta.uz nashriga «Nestle O‘zbekiston» tomonidan xabar qilingan.

Family Group qo‘shma korxonasiga qarshi reklama faoliyati, Family water suvlarini ishlab chiqarish va sotishda Nestlé savdo belgisi grafik elementlaridan foydalangani to‘g‘risidagi da'vo shu yilning aprel oyida taqdim etilgandi. Nestlé Pure Life mineral suvlariga taalluqli bo‘lgan qo‘llarini yuqoriga ko‘targan odamlarning uslublashtirilgan silueti (bir rangda ishlangan kontur surat), shuningdek, markazdan taraluvchi ko‘k-moviy nurlar manzarasidagi aylana ana shunday qismlardan sanaladi.

«Biz uchun Family suvlari O‘zbekiston iste'molchilarida katta ehtimol bilan Family Nestlé tomonidan parallel ravishda […] Nestle Pure Life bilan yoki hattoki uning o‘rniga ishlab chiqarilmoqda, degan tasavvurni uyg‘otishi ochiq-oydin dalil hisoblanadi», — deyiladi kompaniyaning da'vo arizasida.

Mazkur da'vo «Ijtimoiy fikr» markazi tomonidan Toshkent, Samarqand va Andijonda o‘tkazilgan so‘rovnomalarda ham o‘z tasdig‘ini topdi. So‘rovnomalarda 18 dan 45 yoshgacha bo‘lgan 300 kishining fikri o‘rganilib, ularga brend nomlari bekitilgan Family va Nestlé Pure Life suvlari idishlari ko‘rsatildi.

58,5 foiz respondent savdo markalari bitta kompaniyaga tegishli, deya ma'lum qilgan bo‘lsa, ularning 94 foizi bunda Nestlé brendini esga olgan. So‘rovnomada qatnashgan 53,2 foiz kishi Family Nestlé kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi, degan fikrni bildirgan. Respondentlarning bunday xulosaga kelishiga o‘xshash yorliqlarda oila va insonlar shakllarining tasvirlangani sabab bo‘lgan, degan xulosani chiqaradi.

Sud Nestlé da'vosini qondirish, Family Group`ga reklama faoliyati, Family water suvlarini ishlab chiqarish va sotishda qo‘llarini yuqoriga ko‘targan odamlarning uslublashtirilgan silueti hamda markazdan taraluvchi ko‘k-moviy nurlar manzarasidagi aylanadan foydalanishni to‘xtatish majburiyatini qo‘ydi.

«Nestle O‘zbekiston» 2002 yildan buyon Nestlé Pure Life qadoqlangan suvlarini ishlab chiqaradi.

Family water esa o‘tgan yildan buyon O‘zbekiston bozorida paydo bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: