AQSh Davlat departamenti Jon Kerri Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li bilan muloqot chog‘ida rasmiy Vashington Turkiya hukumatini qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qilib, AQSh bu mamlakatda harbiy to‘ntarish amalga oshirilishiga aloqador emasligini ta'kidladi va bu boradagi ayblovni rad etdi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati boshlig‘i Jon Kirbi bayon qilgan.
"U AQSh hukumati Turkiyaga davlat to‘ntarishi bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazishda yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. U bu boradagi ayblovlar va tuhmatlarni rasman rad etib, bunday bo‘htonlar ikki davlat munosabatlariga zarar keltirishini aytdi", degan Kirbi.
Bundan oldinroq, Turkiya Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri Sulaymon Soylu Turkiyadagi davlat to‘ntarishiga urinish ortida AQSh turganini aytgandi. Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa harbiy isyon AQShda o‘tgan asrning 90-yillari oxiridan beri istiqomat qiluvchi muxolifat rahbari Fathulloh Gulen tomonidan tashkillashtirilgani, AQSh uni Turkiya hukumatiga topshirishi kerakligini bildirgandi. Shuningdek, Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim jurnalistlar oldida "Gulenni yashirayotgan AQSh Turkiyaga do‘st emasligi"ni aytgan.
Kerri hali Turkiya tomoni ektaditsiya talab qilmagani, shunday holat yuz bergan taqdirda AQSh tomoni Gulenning 16 iyulga o‘tar kechasi yuz bergan harbiy to‘ntarishga urinishga aloqador ekanligini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etishni Turkiyadan talab qilishini aytdi.
Sobiq imomning o‘zi esa unga qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni rad etmoqda va aksilkonstitutsiyaviy to‘ntarishni qo‘llab-quvvatlamasligini bildirmoqda.
16 iyulga o‘tar kechasi harbiylar Turkiyadagi hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga urinib ko‘rdi. Mamlakat prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa o‘z tarafdorlarini ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. Tongga yaqin Turkiya hukumati mamlakatdagi vaziyat nazorat ostiga olinganini ma'lum qildi. Isyonchilarni qo‘lga olish ishlari davom etmoqda.
Turkiya bosh vaziri 2839 nafar harbiy hibsga olinganini ma'lum qildi. 5 general, 28 polkovnik o‘z lavozimidan mahrum etilgan, harbiy to‘ntarishga urinishda ishtirok etgan yana bir general esa o‘ldirilgan.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, harbiy to‘ntarish amalga oshirishga urinish vaqtida yuz bergan to‘qnashuvlarda 265 kishi qurbon bo‘lgan, 1440 kishi jarohatlangan.