Gretsiya hukumati mamlakatga siyosiy boshpana so‘rab Turkiyadan o‘tib kelgan 8 nafar harbiyni chegarani noqonuniy buzib o‘tishda rasman aybladi.
16 iyul kuni ertalab Gretsiyaning Turkiyaga yaqin hududda, mamlakat shimoli-sharqida joylashgan Aleksandrupolis shahridagi aeroportga turkiyaliklarning harbiy vertolyoti qo‘ndi. Unda 8 nafar turkiyalik harbiy bo‘lgan.
Ularning advokati Gretsiya televideniyesiga bergan intervyusida o‘z mijozlari Gretsiyaga Turkiya politsiyasi o‘t ochganidan so‘ng qochib o‘tgani, ular davlat to‘ntarishida ishtirok etmagani haqida ma'lum qildi. Uning aytishicha, turkiyalik qochqinlar shunchaki o‘z jonlarini asrash haqida qayg‘urib harakatlangan.
Turkiya esa bu qochqinlarni ekstraditsiya qilishni talab etmoqda.
Bundan oldinroq Gretsiya bosh vaziri Aleksis Tsipras Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqoti vaqtida unga Gretsiyaga qochib o‘tgan harbiylar masalasini tezda hal etishga va'da bergani xabar qilingandi.
Erdo‘g‘on Gretsiya hukumati va shaxsan o‘zining harbiy to‘ntarish borasida tutgan yo‘li uchun Tsiprasga minnatdorlik bildirdi. Bosh vazir demokratiya qadriyatlari va konstitutsiyaviy qonunchilikka qo‘shilish grek xalqi uchun prinsipial masala ekanligini ta'kidladi.
Tsipras Gretsiyaga vertolyotda uchib kelgan sakkiz turkiyalik harbiyning siyosiy boshpana berish borasidagi so‘rovlarini ko‘rib chiqish jarayoni qisqa bo‘lishi, biroq xalqaro huquq va inson huquqlari bo‘yicha shartnomalarga mutlaqo hurmat doirasida kechishini ta'kidladi.