Gretsiya bosh vaziri Aleksis Tsipras Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon muloqoti chog‘ida mamlakatdan boshpana so‘rab kelgan 8 nafar turkiyalik isyonchi harbiy masalasida tez orada qaror chiqarilishini bildirgan. Bu haqda Reuters xabar bergan.
Tsipras bu ish "xalqaro kelishuvlar va inson huquqlariga hurmat" asosida ko‘rib chiqilishini aytgan.
Gretsiyaliklar bosh vaziri matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u fitnani qoralagan va Turkiya xalqiga hamdardligini bayon etgan.
16 iyul kuni Turkiyada harbiylarning davlat to‘ntarishi amalga oshirishi muvaffaqiyatsiz yakunlangach, mamlakatni 8 nafar harbiy Black Hawk vertolyotida tark etgan va Afinadan boshpana so‘ragan.
Bundan oldinroq, Gretsiya hukumati bu vertolyotni Turkiyaga qaytarishi haqida xabar qilingandi.
Turkiya va Gretsiya hukumatlari Turkiyadagi davlat to‘ntarishida qatnashgan harbiylarni iloji boricha tezroq Turkiyaga qaytarish borasida muzokaralar olib borishgan. Qochoqlarning o‘z mamlakatlarida konstitutsion tizimga qarshi harakat qilganlari bu jarayonni tezlatishi mumkin.
Avvalroq Turkiyada davlat to‘natirishini amalga oshirishga uringan harbiylarga nisbatan eng og‘ir jazo qo‘llanishi aytilgan edi. Turkiya bosh vaziri mamlakatda o‘lim jazosi bekor qilinganiga qaramay bunday jinoyatchilarni jazolash uchun qayta tiklanishi mumkin ekani haqida ma'lum qilgandi.