Yevropa Ittifoqi a'zolari bo‘lgan mamlakatlardan chiqqan va "oxirgi poyezdga ilinmoqchi bo‘lgan" muhojirlar Birlashgan qirollikning YeIni tark etgani rasman ma'lum bo‘lgunicha Buyuk Britaniyaga qabul qilinmasligi mumkin. Bu haqda Brexit bo‘yicha vazir Devid Devis ma'lum qildi.
Vazir o‘z lavozimiga tayinlanganidan keyin The Mail gazetasiga bergan intervyusida bunday qoida Britaniyaga keladigan yevropaliklarga hamda boshqa mamlakatga chiqib ketgan britaniyaliklarga taalluqli bo‘lishini aytgan.
"Biz buni hal qilishimiz mumkin. Buning turli imkoniyatlari mavjud", degan u.
U shuningdek, bu boradagi vaziyat yaxshilanishiga umid bildirgan.
Bundan oldinroq, Devis Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishi 2018 yilning dekabrida ro‘y berishi haqida ma'lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishi yuzasidan o‘tkazilgan referendumda mamlakat aholisining yarmidan ko‘prog‘i ushbu tashabbusni yoqlab chiqdi. Shu munosabat bilan Yevroittifoq Britaniyani ushbu jarayonni tezroq boshlashga undab kelmoqda.