Armaniston Milliy xavfsizlik xizmati mamlakatda qurolli qo‘zg‘olon boshlangani haqidagi xabarlarni inkor qildi.
«Novosti Armenii» portalida e'lon qilingan Armaniston MXX bayonotiga ko‘ra, mamlakatda barcha davlat hokimiyati organlari odatdagi tartibda ishlamoqda, politsiya esa jamoatchilikni himoya qilish bo‘yicha vazifalarini bajarishda davom etmoqda.
MXX ijtimoiy tarmoqlarda shu haqda tarqalgan xabarlarni haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi deb baholagan.
Shu bilan birga, bayonotda har qanday g‘ayriqonuniy harakatlarga darhol chek qo‘yilishi, ularni sodir etgan shaxslar qo‘lga olinib, jazolanishi ma'lum qilingan.
Ayni paytda qurolli shaxslar bilan hukumatga taslim bo‘lish masalasida muzokara olib borilayotgani qayd etilgan.
Bugun kunning birinchi yarmida bir guruh qurollangan kishilar Yerevan yaqinidagi Erubuni tumanida politsiya patrul-post xizmati polki hududidagi kirib, u yerdagi odamlarni garovga oldi.
Ko‘p o‘tmay ularning tarafdorlari OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali qurolli qo‘zg‘olon boshlangani va Armanistondagi vaziyat o‘zgarishi haqida xabar tarqatdi.