Turkiyaning Avstriya poytaxti Venadagi elchixonasi yonida 4 mingga yaqin turk Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni qo‘llab-quvvatlab namoyish o‘tkazdi, deb ma'lum qilmoqda mahalliy OAV.
Avstriyadagi Yevropalik turk demokratlari ittifoqining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi maqolasida shahar markazidagi elchixonada yig‘ilishga chaqiriq Anqaradagi harbiy harakatlar haqida ma'lum bo‘lgandan keyin paydo bo‘lgani aytilgan.
"Biz demokratiyani pastkash fitnachilar aylanib o‘tishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz demokratiyamiz uchunmiz. Gap partiya haqida emas, gap mamlakat taqdiri haqida ketmoqda", deyilmoqda maqolada.
Der Standard nashri ma'lumotlariga ko‘ra, yarim kechada namoyishchilar elchixona yoniga kela boshlaganlar. Turk bayroqlari va amaldagi hokimiyatni qo‘llab-quvvatlovchi shiorlar bilan kechgan namoyish osoyishta, hech qanday noxushliklarsiz o‘tdi. Elchixonadan to‘planganlar shahar markazi tomon yo‘l oldilar. Ularning harakatlanishi uchun yo‘llar yopib turildi. Mahalliy vaqt bilan tungi soat 3.00da namoyishchilar tarqalishdi.
15 iyul kechki payt Turkiya rahbariyati mamlakatda harbiy to‘ntarishga urinish bo‘lganini e'lon qildi. Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bo‘lib o‘tayotgan voqealarni harbiylarning kichik guruhining isyon ko‘tarishga urinishi deb atab, mamlakat fuqarolarini ko‘chalarga chiqishga undadi. O‘z navbatida Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim to‘ntarishni terakt deb atadi va hukumat ishlashda davom etayotganini ta'kidlab o‘tdi.