Rossiya prezidenti Vladimir Putin Nitstsadagi teraktlar munosabati bilan televideniyeda chiqish qilib, Fransiya prezidenti Fransua Olland va fransuz xalqiga hamdardlik bildirdi.
“Qadrli Fransua! Rossiya terror va tahdid nimaligini yaxshi biladi. Bizning xalqimiz bunday fojialar bilan bir necha marotaba to‘qnash kelgan, ro‘y bergan voqea yuzasidan fransuz xalqiga chuqur hamdardlik bildiramiz”, - dedi Putin.
“Ko‘plab kishilar, shu jumladan Rossiya fuqarolari hayotiga ham zomin bo‘lgan Nitstsadagi jinoyat shafqatsizlarcha amalga oshirilgan”, - deya qo‘shimcha qildi RF prezidenti. U “terrorizmni faqat bir yoqadan bosh chiqarib yengish mumkin”ligini ta'kidlagan.
“Janob prezident, halok bo‘lganlarning yaqinlariga samimiy ta'ziyamizni yetkazishingizni so‘rab qolamiz, jabr ko‘rganlarga esa tez orada shifo topishni tilaymiz”, - dedi Putin murojaatida.
Bundan avval Rossiya prezidenti fransuz hamkasbiga ta'ziya izhor qilingan telegrammani jo‘natdi.
14 iyulda Fransiyaning milliy bayrami sifatida nishonlanadigan Bastiliyaning olinishi kuni mamlakat tarixida eng musibatli kunlardan biri sifatida qayd etiladi. Ushbu kun Nitstsada yuk mashinasi ko‘chada bayram mushaklarini tomosha qilish uchun to‘plangan odamlarni bosib ketgan. Buning natijasida kamida 84 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 120 dan ko‘proq odam jarohat olgan.