Ayni vaqtda Nitstsa shifoxonasidagi 50 kishining ahvoli og‘ir. Bu haqda shaharga kelgan Fransiya prezidenti Fransua Olland ma'lum qilgan.
"50 nafar kishi hayot va o‘lim orasida turibdi. Terakt natijasida 84 kishi halok bo‘lgan", degan prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar orasida xorijiy mamlakatlar fuqarolari ko‘pchilikni tashkil qiladi. U shuningdek, ko‘plab bolalarning halok bo‘lgani haqida gapirgan.
14 iyul kuni kechqurun Bastiliya olingan kun munosabati bilan o‘tkazilgan Milliy bayram vaqtida Nitstsa shahridagi Ingliz qirg‘og‘ida to‘plangan odamlar ustiga yuk mashinasi haydab borilishi oqibatida 84 kishi halok bo‘ldi.
G‘arb nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, rulda kelib chiqishi tunislik bo‘lgan 31 yoshli Fransiya fuqarosi o‘tirgan. U hodisa vaqtida politsiyachilar tomonidan otib tashlandi. U muqaddam bezorilik va o‘g‘rilik uchun sudlangandi.