Nitstsadagi teraktdan keyin Le Figaro IShIDning qo‘llanmalari haqida esladi

Jahon 15:09 / 15.07.2016 5522

Fransiyaning kurort shaharlaridan biri hisoblanmish Nitstsa shahridagi sohilbo‘yida 14 iyul kuni kechqurun sodir etilgan terakt IShIDning 2014 yil sentabrida ma'lum qilingan qo‘llanmalarini eslatadi. Bu haqda Le Figaro nashri yozdi.

O‘shanda terrorchi tashkilotning matbuot xizmati rahbari vazifasini bajargan Abu Muhammad al-Adnani IShID tarafdorlarini dushman davlatlarda nishonlarni yo‘q qilish uchun istalgan yo‘llarni qo‘llashga chaqirgandi.

"Agar bomba portlata olmasangiz yoki o‘q ota olmasangiz, o‘zingiz bir yo‘lini toping", degandi u va "fransuz yoki amerikalik xudosizlarni mashinada bosib o‘ldirish yoki so‘yish mumkinligi"ni qo‘shimcha qilgandi.

U shuningdek, kimni o‘ldirish ahamiyatli emasligi, harbiylarni ham, oddiy fuqarolarni ham bir boshdan o‘ldiraverish kerakligini qayd etgandi.

"Ularning barchasi dushmanlardir. Ular qonlari bilan javob berishi kerak", degandi ushbu terrorchi.

Le Figaro 2015 yilning fevralida pichoq bilan qurollangan shaxs Nitstsadagi maydonda 3 nafar politsiyachiga tashlanganini eslagan. Hujum qiluvchi - Mussa Kulibali qo‘lga olingan.

14 iyul kuni kechqurun Bastiliya olingan kun munosabati bilan o‘tkazilgan Milliy bayram vaqtida Nitstsa shahridagi Ingliz qirg‘og‘ida to‘plangan odamlar ustiga yuk mashinasi haydab borilishi oqibatida 84 kishi halok bo‘ldi. Shuningdek, ayni vaqtda jarohatlangan 18 kishi shifoxonada qolmoqda.

G‘arb nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, rulda kelib chiqishi tunislik bo‘lgan 31 yoshli Fransiya fuqarosi o‘tirgan. U hodisa vaqtida politsiyachilar tomonidan otib tashlandi. U muqaddam bezorilik va o‘g‘rilik uchun sudlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: