Ispaniya ortidan Germaniya va Italiya ham Fransiya hukumati bilan kelishgan holda bu mamlakat bilan chegaralarida nazoratni kuchaytirishga qaror qildi. Bu haqda Reuters xabar tarqatdi.
14 iyul kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 22.30da Nitstsadagi sohilbo‘yida Bastiliya qal'asi olingani munosabati bilan o‘tkazilgan bayram vaqtida odamlar to‘plangan hududga soatiga 60–70 km tezlikda harakatlangan yuk mashinasi bostirib kirdi.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, bu hujum oqibatida 84 kishi halok bo‘ldi va 100dan ortiq kishi jarohatlandi. Ulardan 18 nafari og‘ir ahvolda.
Keyin haydovchi furgondan tushgan va odamlarga qarata to‘pponchadan o‘q uza boshlagan. Politsiya uni otib o‘ldirgan.
Hukumat bu hodisani terakt sifatida baholagan.
Bu hujum IShID tomonidan tashkillashtirilgani iddao etilmoqda.
Bundan oldinroq, Ispaniya Fransiya bilan chegaralarida nazoratni kuchaytirgani haqida xabar berilgandi.
Ayni vaqtda Italiya, Ispaniya va Germaniyadan Fransiyaga kirib kelayotgan barcha avtomobillar jiddiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.
Fransiyada 3 kunlik motam e'lon qilindi.