Islom Karimov boksni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun AIBA ordeni bilan mukofotlandi

O‘zbekiston 21:00 / 15.07.2016 10116


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 15 iyul kuni Oqsaroyda Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi (AIBA) prezidenti Ching-Kuo Vuni qabul qildi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Ching-Kuo Vu AIBA Ijroiya qo‘mitasining Toshkentda o‘tayotgan majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi. Mazkur sport forumi Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi uchun Braziliyada bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning yakuniy bosqichi hisoblanadi.

O‘zbekiston rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, AIBA va uning rahbari Ching-Kuo Vu o‘zining munosib xizmati bilan dunyoda keng tarqalgan boksni va, umuman, Olimpiya harakatini rivojlantirishga katta hissa qo‘shayotganini alohida ta'kidladi. 

2014-2015 yillarda O‘zbekistonning barcha yosh va vazn toifasidagi  charm qo‘lqop ustalari turli darajadagi 269 medalga sazovor bo‘ldi. O‘zbekistonda xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalar va boks turnirlari muntazam o‘tkazilmoqda. 2015 yilning 7-14 iyun kunlari AIBA shafeligida poytaxtimizda o‘tkazilgan boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionatida mamlakatimiz sportchilari 7 oltin va 6 bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

Oqsaroydagi uchrashuvda O‘zbekistonda havaskorlik boksini rivojlantirish,  mamlakatimizning AIBA bilan samarali hamkorligini yanada mustahkamlash va kengaytirish istiqbollari haqida fikr almashildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga sport va olimpiya harakatini rivojlantirish hamda ommallashtirish yo‘lidagi ulkan xizmatlari uchun, shuningdek, boksni xalqaro va milliy darajada rivojlantirish borasidagi fidokorona mehnati e'tirofi sifatida AIBAning yuksak mukofoti – “Xizmatlari uchun” ordeni topshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: