Amerikaning Rambus kompaniyasining omadi kelgan ko‘rinadi. Gap shundaki, u orzudagi shartnomani imzolashga muvaffaq bo‘lgan. Xabarlarga ko‘ra, Boeing korporatsiyasi birmuncha yangi turdagi hujumlardan himoya qilish vositasini ishlab chiqish maqsadida Rambus kompaniyasining litsenziyasini xarid qilgan. Yangi texnologiya buziluvchi tizimlarning iste'moli va elektromagnit nurlari asosida ishlab chiqariladi.
Rambus texnologiyasi fuqaro va harbiy samolyotlar hamda fazoviy qurilmalar bortidagi hisoblash tizimlarini muhofaza qilishda qo‘llaniladi. Odatdagidek, shartnoma qiymati e'lon qilinmagan bo‘lsa-da, Rambus o‘zining “tilla balig‘i”ni tutganini anglash qiyin emas. Chunki, AQSh harbiy byudjyeti shunchaki yirik emas, balki juda ham yirik.
Aniqroq so‘z yuritiladigan bo‘lsa, Boeing korporatsiyasi Rambusning DPA-hujumlar (differential power analysis – energiya iste'molining differensial tahlili)dan himoya qilish texnologiyasiga litsenziyasini olgan. Ushbu turdagi hujumlar dastlab kredit kartochkalarini buzish chog‘ida aniqlangan. Biroq, so‘nggi yillarda boshqa sohalarga ham tarqala boshladi. Umuman, bu turdagi hujumlar noan'anaviy kanallar orqali uyushtiriladi. Tizimning elektr iste'moli yoki elektrmagnit nurlarini tarqatish tahlili, nazariy jihatdan ish faoliyati uchun zarur bo‘lgan barcha kalitlarni aniqlash va keyinchalik nishonni ishdan chiqarish imkonini beradi.
Shunisi qiziqarliki, aslida Rambus kompaniyasi ham ayni texnologiya uchun huquqni 2011-yili Cryptography Research kompaniyasidan sotib olgan edi. O‘sha vaqtda, Cryptography Research texnologiyasi litsenziyasiga Atmel, Infineon, Microsoft, NXP, Raytheon, Renesas, Samsung, STMicroelectronics, Toshiba va Visa kompaniyalari ham egalik qilgan. Keyinchalik, Rambus tarkibida DPA-hujumlardan himoya qilish tizimini Cisco Systems, Winbond va boshqalar xarid qildi. Boeing bilan imzolangan shartnoma esa, Rambus olib borayotgan muvaffaqiyatli siyosatning uzviy davomi bo‘ldi, deyishmoqda ekspertlar.