2016 yil “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati elektr stansiyalari tomonidan 55,5 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, iste'molchilarga 7,9 million gigokaloriya issiqlik energiyasi yetkazib berildi. 1,3 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi eksport qilindi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Yangi Angren IESda 300 megavatt va Talimarjon IESda 800 megavatt quvvatga ega yangi energiya bloki ishga tushirildi. Navoiy IESni kengaytirish va 478 megavattli zamonaviy bug‘-gaz qurilmasi barpo etish loyihasi amalga oshirildi. Toshkent issiqlik elektr markazida 27 megavattli kogeneratsion gaz-turbina qurilmasi ishga tushirildi. Noan'anaviy va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish loyihalari doirasida Sirdaryo va Talimarjon IESda detander-generatorli agregatlar joriy qilindi.
Mustaqillik yillarida turli quvvatga ega 4 ming kilometrdan ziyod elektr uzatish liniyalari foydalanishga topshirildi. 2005 yilda "So‘g‘diyona" nimstansiyasining foydalanishga topshirilishi tufayli O‘zbekistonning janubi-g‘arbiy hududlarida yashayotgan iste'molchilarni elektr bilan ta'minlash va uni transportirovka qilishda isroflarni kamaytirishga erishildi. Aloqani kuchaytirish va energiya tizimining markaziy qismidan Farg‘ona vodiysiga qo‘shimcha energiya yetkazib berish uchun Yangi Angren IESdan qabul qiluvchi «O‘zbekiston» nimstansiyasigacha elektr uzatish liniyalari barpo etildi. «G‘uzor» va «Surxon» elektr nimstansiyalari oralig‘ida uzunligi 197,8 kilometr elektr uzatish liniyasining qurilishi va ikkinchi guruh transformatorlarining o‘rnatilishi natijasida Surxondaryo viloyatini elektr energiyasi bilan ta'minlash sifati oshdi hamda elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi.
«Chorvoq GESi gidrogeneratorlarini modernizatsiya qilish va ishchi g‘ildiraklarini almashtirish» loyihasi asosida 1,2 va 3-gidroagregatlar modernizatsiya qilindi. 2016-2020 yillarda umumiy quvvati 23,5 megavatt bo‘lgan 4 yangi gidroelektrostansiya qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, mavjud 11 GES modernizatsiya va rekonstruksiya qilinib, ularning ishlab chiqarish quvvati 105,8 megavattga oshiriladi. Bularning barchasi ushbu GESlarda yiliga elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini o‘rtacha 521,7 million kilovatt/soatga oshirish imkonini beradi.
Ayni paytda O‘zbekiston energetika tarmog‘ida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, mavjudlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilishga doir 23 yirik investitsiya loyihasi hayotga tatbiq etilmoqda. Xususan, Talimarjon IESni kengaytirish va har biri 450 megavatt quvvatga ega ikki bug‘-gaz qurilmasini barpo etish ishlari amalga oshirilayotir. Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida Farg‘ona vodiysi iste'molchilarini elektr energiyasi bilan ishonchli ta'minlash uchun umumiy quvvati 900 megavatt bo‘lgan bug‘-gaz qurilmali issiqlik elektr stansiyasi qurilmoqda.