Turkiya hukumati 16 qishloq aholisiga ko‘chalarga chiqishni taqiqlab qo‘ydi

Jahon 22:10 / 14.07.2016 10543

Turkiya hukumati aholisi asosan kurdlardan iborat bo‘lgan Diyorbakir viloyatining 16 qishlog‘i aholisiga ko‘chalarga chiqishni taqiqlab qo‘ydi. Bu haqda 14 iyulda viloyat gubernatori bayonotiga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda. 

Mahalliy hukumat Turkiyada Kurdiston ishchi partiyasi jangchilari qidirilayotgani sababli bunday choraga bordi. Jangchilarni tutish bo‘yicha operatsiya Silvan shahri atrofida va tog‘larda olib borilmoqda. 

Ta'kidlanishicha, aholiga kun bo‘yi amal qilayotgan komendantlik soati vaqtida Silvan yaqinidagi hududlarga kirish va ulardan chiqish taqiqlanadi. "Fuqarolar o‘z hayotlari va mulklarining xavfsizligi maqsadida taqiqlovlarga amal qilishlari zarur", deb aytildi bayonotda. 

Turkiya va mamlakat hududida muhtoriyat tashkil qilishga kurash olib borayotgan kurdlar o‘rtasidagi qurolli ixtilof 2015 yilda mintaqada o‘rnatilgan osoyishtalik buzilgandan keyin keskinlashdi. Bu o‘tgan yil 20 iyulda Suruch shahrida sodir etilgan teraktdan keyin yuz bergan. Teraktda 32 kishi, asosan kurdlar halok bo‘lgan. KIP Turkiya hukumatini terrorchilarga haspo‘shlik qilishda ayblagan va turk kuchlariga qarshi partizan urushini boshlagan.

Ko‘proq yangiliklar: