Fransiyada milliy bayram — Bastiliya ishg‘ol qilingan kun nishonlanadigan 14 iyul sanasida Parij shahrining asosiy avenyusidan Yelisey saroyiga qadar hududda tantanali parad bo‘lib o‘tdi.
Mahalliy vaqt bilan soat 10:00da Fransiya prezidenti Fransua Olland uning prezidentligi davridagi oxirgi eng yirik bayramda ishtirok etish uchun tashrif buyurdi. U bosh shtab rahbari Per de Vile va Parij shahri harbiy komendanti Bryuno Le Re hamrohligida harbiy qismlarni ko‘rikdan o‘tkazdi.
Shundan so‘ng, davlat rahbari Kelishuv maydonida yig‘ilgan faxriy mehmonlar davrasiga qo‘shildi. Bu guruhda hukumat a'zolaridan tashqari, Senat va Milliy Kengash vakillari, Parij hokimiyati vakillari, Fransiya TIV rahbari Jan-Mark Eyro hamda Yangi Zelandiya bosh vaziri Jon Ki bor edi. Marosimga AQSh Davlat kotibi Jon Kerri ham taklif qilingandi, lekin ayni vaqtda u Moskvaga 2 kunlik safar uyushtirgan.
Paradni Patrouille de France havo kuchlari qismi samolyotlari ochib berdi. Samolyotlar Parij osmonida Fransiya ramzlaridan biri uch rangni hosil qilib uchishdi. Ularning ortidan ko‘p funksiyalik Rafale va Mirage 2000 qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarilishdi. Shuningdek, parvozga boshqa samolyotlar ham ko‘tarildi - jami 55ta texnika.
Shundan so‘ng, Yelisey maydoniga olib boruvchi ko‘prikda avstraliyalik 140 nafar va yangi zelandiyalik 85 nafar harbiy ishtirokidagi bo‘linmalar saf tortib o‘tdi. Ular Birinchi jahon urushi davridagi Somma bo‘yidagi jangga 100 yil to‘lgani munosabati bilan taklif qilingan.
Bastiliyaning ozod qilinishi bayrami Parijda xavfsizlikni ta'minlash choralari kuchaytirilgan sharoitlarda o‘tkazildi. Teraktlar tahdidi tufayli chorshanba va payshanba kunlarida 11,5 ming nafar politsiya va jandarm mobilizatsiya qilindi. 3 mingdan ortiq jandarm ayni vaqtda Yelisey saroyi xavfsizligi uchun jalb etilgan.
Paradni jonli ravishda tomosha qilishni istaganlar bir necha to‘siqlardan o‘tib borishi kerak bo‘ldi.
Har yili 14 iyul kuni butun Fransiya milliy bayram — Bastiliyaning olinish kunini nishonlaydi (La Fête Nationale / Bastille Day). 1789 yil bu kuni parijliklar qal'a-qamoqxona hisoblangan, qirollikning vahshiyligini ifodalovchi Bastiliyaga hujum qilib egallagan va mahbuslar ozod etilgan. Bu voqea Buyuk burjua qo‘zg‘aloni boshlanishi va yakkahokimlik ustidan qozonilgan g‘alaba hisoblanadi. Fransiyada bu bayram nishonlanishi ko‘lamini Yangi yil bayramini kutib olish bilan tenglashtirsa bo‘ladi.