Ko‘rinmas qo‘llar fitnasi

Jamiyat 14:36 / 14.07.2016 13457

Dunyoda yuz berayotgan fitnalar haqida fikr yuritgan kishi chuqur o‘yga toladi. Din dushmani bo‘lgan “uchinchi tomon”ning qo‘g‘irchog‘iga aylangan manqurt kimsalar barchaning nafratini qo‘zg‘amoqda. 
Muborak Ramazon oyida ham Iroqning Bag‘dod shahridagi masjid yonida terrorchi-xudkush qo‘poruvchilik qildi. Oqibatda 12 kishi halok bo‘ldi. Bir kun o‘tib Turkiyaning Istanbul shahridagi aeroport hududiga bostirib kirgan 3 nafar jangari o‘t ochishi natijasida 41 kishi hayotiga zomin bo‘ldi. Iroq poytaxtida 3 iyulga o‘tar kechasi sodir etilgan teraktda halok bo‘lganlar soni 200 kishidan oshdi. Eng achinarlisi Ramazon hayiti arafasida musulmonlar uchun tabarruk joy – Masjidu Nabaviy oldidagi xudkushlik hammasidan ham o‘tib tushdi. 

Ushbu mudhish voqealar yovuz dushman ishidir. Afsuski, aqlsiz kimsalar “uchinchi tomon”ning aldovlariga uchib, mana shunday shafqatsizliklarga qo‘l urmoqda. Bunday “uchinchi tomon” balosidan qanday saqlanish mumkin? Quyida manfaatdor kuchlar makr-hiylalari oqibatlari, fitnalaridan ogoh bo‘lish borasida so‘z yuritamiz.
 
“Uchinchi tomon”ning yovuzliklari
 
Keskin qarama-qarshilik, zimdan to‘s-to‘polonlar uyushtirish tobora kuchayib borayotgan bir vaziyatda xalqimizni oqni qoradan ajratishga qodir insonlar etib tarbiyalash, doim hushyor va sezgir bo‘lishga chaqirish g‘oyatda muhimdir. 
Ma'lumki, tim qorong‘i tunda mayoq qaysi tomonni ko‘rsatsa, odamlar shu yoqqa qaraydi. Ular qayoqqa qarab yurishlari mayoq tutgan kimsaga bog‘liqdir. “Uchinchi tomon” nayranglar bilan jamiyatdan o‘zining yoqlovchilarini ajratib olgach, bu to‘da ongiga ham “egalik” qiladi. Ushbu to‘da a'zolarini “erkinlik”, “inson haq-huquqlari”ga doir ko‘zbo‘yamachiliklari bilan qayraydi. 
Afsuski, sodda odamlar “mayoq” ko‘rsatayotgan tomongagina talpinadi. Uni boshqarayotgan qo‘lni esa ko‘rmaydi. Sog‘lom fikr egalari esa mayoq tutgan shaxsning kimligiga e'tibor beradi. 
Hozir xalqni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirish va qo‘qqisdan g‘alayonlar uyushtirish ortida “uchinchi tomon”ning qora maqsadlari yotgani hech kimga sir emas. Butun yer yuzida tinchlikka tahdid solayotgan IShIDning qilmishlari bunga yaqqol misol. Ushbu terrorchi to‘dalar “uchinchi tomon”ning buyurtmasini bajarib, to‘s-to‘polonlar qilib, xudkushliklar bilan muborak Islom dinini yomonotliq qilayotganidan barcha xabardor bo‘lishi zarur. 

Dunyoga razm solsak, ayrim mamlakatlarda fitnalar sabab ibodat qilish u yoqda tursin, oddiy kun kechirishning o‘zi muammo bo‘lib qolmoqda. Hatto ibodat paytida ham buzg‘unchilar tomonidan odamlar portlatib yuborilmoqda. Musulmon odam ikki dunyoda bunday qabihliklarga qo‘l urmaydi. Demak, uchinchi bir manfaatdor tomon, ko‘zga ko‘rinmas to‘da borki, manqurtga aylangan gumroh kimsalarni boshqarib turibdi. 

Islom olamida e'tirof etilgan ulamolarni masjidlarda, namozxonlar ko‘z oldida qatl etilishi, musulmonlar ardoqlab kelgan maqbaralarni vayron qilinishi o‘ta og‘ir jinoyatdir. Ayniqsa, islom olamining taniqli ulamosi Muhammad Said Ramazon Butiy talabalarga dars o‘tayotganda terrorchilar tomonidan portlatib yuborilgani ayni shafqatsizlikdir. 

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) nizolar haqida bunday deganlar: “Albatta, shayton Arab yarim orolida o‘ziga namozxonlar ibodat qilishidan umidini uzdi. Ammo ularni bir-birlariga qarshi gij-gijlashdan to‘xtagani yo‘q” (Imom Muslim). 

Shayton doim musulmonlar orasiga nifoq solishga urinadi. Agar insonlar e'tiqodlarida mustahkam tursalar, shayton ular orasiga nizo sololmaydi. Yer yuzining turli mintaqalari, xususan, Suriya va Iroq hududida bo‘layotgan qarama-qarshiliklar ham ko‘rinmas qo‘l makr­hiylasining oqibatidir. 

Bunday fitnalarning ortiga teran ko‘z bilan boqish kerak. Jangarilar va ularning “xalifa”sini o‘ynatayotgan uchinchi qo‘l parda ortida harakat qilmoqda. Ikki tomonni nizo va kurashlar girdobiga tashlab, bundan ustalik bilan o‘z g‘arazli maqsadi yo‘lida foydalanayotgan uchinchi qo‘l haqida bir necha yil oldin Prezidentimiz: “Bunday nozik damlarda uchinchi qo‘lning makkorona, pinhoniy harakatini unutmaylik! Ularning tegirmoniga suv quymaylik”, deya ogohlantirgan edilar.
 
Fitna haqida hadislarda kelgan xabarlar
 
Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) fitnalar avj olgan paytda musulmonlar bir-birining qonini to‘kishi, hatto, inson qo‘shnisini, yaqinining o‘g‘lini, qarindoshini o‘ldirishi haqida aytganlar. Shunda odamlar: “Yo Rasululloh, o‘sha vaqtda aqlimiz o‘zimizda bo‘ladimi?” deyishadi. U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Yo‘q. U zamon kishilari ko‘pchiligining aqllari sug‘urib olinib, johil kimsalar xalifalik qiladi”, dedilar (Ibn Moja).     

Bunday fitnalar girdobida qotil nima uchun bir insonni o‘ldirayotganini anglamaydi, haq va botil, savob va gunoh orasini ajrata olmay qoladi. Hozir Iroq va Suriya hududlarida o‘layotgan ham, o‘ldirayotgan ham insonlar. Bunday qabihlikni hadisda aytilganidek, faqat va faqat johil kimsalargina qiladi. 

Jangarilar hech tap tortmay, oqibatini o‘ylamay, Alloh huzurida qanday javob berishini xayoliga ham keltirmay, o‘z birodari, ayollar va norasida go‘daklarning joniga qasd qilmoqda. 
Payg‘ambar (alayhissalom) urush-janjal avj oladigan davrlar xabarini berganlar. Jumladan, Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi, Muhammad (alayhissalom): “Zamon tezlashadi, amal kamayadi, xasislik avj oladi, fitnalar zohir bo‘ladi va “harj” ko‘payadi”, dedilar. Shunda sahobalar: “Yo Rasululloh, “harj” nima?” deyishdi. U zot: “Urush, urush”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim). 

“Qomus” nomli izohli lug‘at kitobida “harj” so‘zi: “harajan nasu” – odamlar fitna, parokandalik va urushga aralashdilar, degan ma'noni bildiradi, deb sharh berilgan.

Muoviya ibn Qurraning otasidan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qachon Shom ahli buzilsa, sizlarga yaxshilik yo‘q!” deganlar (Imom Termiziy). Ya'ni, terrorchilar “Bizning tomonga keling!”, deb har qancha jar solayotgan, saflariga qo‘shilmayotganlarni kofirga chiqarayotgan bo‘lmasin, ularga qo‘shilishda aslo xayr yo‘q! 

Aksincha, savob amallarda sobitqadam bo‘lib, ibodat, ilm bilan mashg‘ul bo‘lgan afzal. Zero, Ma'qil ibn Yasor (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollalohu alayhi va sallam): “Harj (kuni)dagi ibodat men tomon qilingan hijrat (ziyorat) kabidir”, deganlar. 

Imom Navaviy ushbu hadisning sharhida bunday deydi: “Harjdan murod fitna va parokandalikdir. Bunday kunda kam sonli odamlar ibodat bilan mashg‘ul bo‘lib, boshqalar fitnaga aralashib qoladi. Shuning uchun mustahkam imon-e'tiqod orqali fitna-fasoddan saqlanish fazilatdir”. 

Imom Tahoviy: Odamlar Rabbisiga ibodat qilishdan, yaxshi ishlardan chalg‘imay, savob amallarni, ibodatlarni ko‘paytirib boraversa, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni ziyorat qilgandek ulkan savobga erishishlarini aytadi. 

Demak, tinchlik-osoyishtalik hukm surib turgan diyorda halol kasb qilib, toat-ibodat bilan band bo‘lish din dushmanlarining botil shiorlariga aldanib qolmaslik omili ekanini Rasul (alayhissalom) alohida ta'kidlab vasiyat qilmoqdalar. Fitna va nizolardan nari bo‘lishni istagan inson o‘zini isloh qilishi, ibodatda bardavom bo‘lishi va ilm bilan shug‘ullanishi lozim. 
Ma'lumki, fisqu fasod ishlarni qilish oxir-oqibat fitnaga qo‘shilish bilan yakun topadi. Shu bois makr-hiylalar domiga tushib qolishdan saqlanish va ogoh bo‘lish kerak.
 
Imom-xatiblarga tavsiyalar
 
Haqiqatan ham Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning hadislarida fitnalardan ogoh bo‘lishda bizga yordam beruvchi ko‘p hikmatlar bor. Payg‘ambar (alayhissalom)ning sahobalariga aytgan so‘zlari barcha ummatlarga ham tegishlidir. U zot juda ko‘p bor: “Ogoh bo‘ling! Albatta kelajakda ko‘p fitnalar bo‘ladi”, deb fitnalardan saqlanish yo‘llarini tushuntirganlar va uning muolajasini aniq ko‘rsatib berganlar. 

Shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur hadislarning mazmun-mohiyatini anglab, “uchinchi tomon”ning nayranglaridan xalqimizni ogoh etishda imom-xatiblarga quyidagi vazifalar tavsiya etiladi: 

Birinchidan, butun dunyoda, ayniqsa, Yaqin Sharq mamlakatlarida muborak dinimiz nomini niqob qilib sodir etilayotgan buzg‘unchiliklardan kimlar manfaatdor ekani, ularning ortida qanday kuchlar turganini teran mushohada etib, butun aholi, xususan, yoshlarni tinchlikning qadriga yetish, bu ne'matni asrash uchun doimo ogoh va ziyrak bo‘lishga chaqirishni imom-xatiblar aslo to‘xtatmasliklari kerak. 
Shu o‘rinda yaqindagina Toshkent shahrida o‘tkazilgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sammitida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashga alohida e'tibor qaratilgani va bu borada keng ko‘lamli amaliy ishlar qilinayotganini ta'kidlash lozimdir. 
Ikkinchidan, yer yuzining turli mintaqalarida sodir etilayotgan fojiali voqealarning qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishini chuqur his qilgan holda, imom-xatiblar notinch o‘lkalarda yashash va bir burda non topish nechog‘li qiyin kechayotganini hayotiy misollar bilan tushuntirishlari lozim.  

Uchinchidan, aqidaparast oqimlar g‘oyasi xalqimiz asrlar davomida e'tiqod qilib kelayotgan moturidiya aqidasi va hanafiy mazhabiga mutlaqo yot ekanini aniq misol va ishonchli dalillar asosida yoritish imom-xatiblar zimmasidadir. Ayrim tashvishli holatlar, ba'zi yoshlarning chet el mehnat safaridan kelgach, o‘z e'tiqodini yanglish deb hisoblab, adashgan guruhlarning aldovlariga uchib, “bu ibodatni bunday qilish kerak, u amalni unday qilish kerak”, deb “o‘rgatish”gacha borishi imom-xatiblarni xavotirga solishi kerak. 

To‘rtinchidan, ayrim qo‘shni mamlakatlarda kechayotgan vaziyatni tahlil qilgan kishi radikal kuchlarning faollashganini xulosa qiladi. Ushbu davlatlarning chekka hududlarida IShID ta'siridagi guruhlar izg‘ib yurgani kuzatilgan. Yoshlarni avrab, jihodga chaqiruvchi jamoalarning yangi urush o‘choqlarini yuzaga keltirayotgani vaziyatning yanada keskin tus olishiga sabab bo‘lmoqda. 

Bunday paytda yurtimizdagi osoyishta muhit o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilmaganini tushuntirish va muhtaram Yurtboshimizning: “Boshimizdan kechirgan mana shunday murakkab tarix saboqlarini odamlarga, avvalo yoshlarimizga yetkazish, ularning ko‘zini haqiqatga ochib berish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas burchimizdir” degan so‘zlariga qat'iy amal qilgan holda imom-xatiblar g‘oyaviy tahdidlarga qarshi kurashchanlikni muttasil olib borishlari darkor. 

Beshinchidan, dunyoning ayrim mintaqalarida fitnalar avj olib, qirg‘inbarot urushlar bo‘layotgan bir pallada Nabiy (alayhissalom)ning muborak hadislariga og‘ishmay amal qilgan holda osuda yurtda Yaratganga chin ixlos ila toat­ibodat qilib, duoyu iltijolar bilan yashashga hech narsa teng kelmasligini imom-xatiblar xalqimiz onggi va shuuriga chuqur singdirishlari kerak. 
 
Aydarbek TULePOV, 
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
 
Manba: muslim.uz 

Ko‘proq yangiliklar: