Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning bayonot berishicha, Kreml ma'muriyati Suriyadagi terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha AQSh bilan choralarni muvofiqlashtirishni ma'qullaydi, deb xabar qilmoqda RIA «Novosti». Uning yodga olishicha, prezident Putin, Suriyadagi terrorizmga faqat birgalikda samarali qarshi kurashish mumkinligini bir necha marta ta'kidlagan.
Shu bilan birga, u hozircha AQSh davlat kotibi Jon Kerrining Suriya borasidagi taklifini izohlay olmasligini bildirgan. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Kreml Kerrining Moskvaga tashrifini sabrsizlik bilan kutmoqda.
Avvalroq, The Washington Post nashriga ko‘ra, AQSh davlat kotibi Jon Kerri Moskvaga tashrifi davomida Suriyadagi terrorchilarga qarshi kurash bo‘yicha yangi tashabbuslar bildirishini aytgan edi.