Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi qurilish obektlari, korxona va tashkilotlarda yozgi ta'tilga chiqqan oliy o‘quv yurtlari talabalari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘quvchilaridan iborat “Bunyodkor” yoshlar mehnat harakati a'zolari ham faol ishtirok etmoqda. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universitetida ham mehnat guruhi tashkil etilib, tashabbuskor va shijoatli talabalar yozgi ta'til kunlarini qizg‘in mehnat bilan o‘tkazmoqda.
Universitetning kimyo, tarix-huquq, texnika, jismoniy madaniyat, tabiatshunoslik, fizika-matematika fakultetlarida tahsil olayotgan ana shunday yoshlardan 40 nafari qurilish ishlarida ishtirok etayotir.
Bunyodkor talabalarning bir guruhi universitetning axborot-resurs markazida amalga oshirilayotgan ta'mirlash ishlarida qatnashmoqda. Bu yerda “Jayhun universal” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 3 milliard 612 million so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.
Bunyodkor talabalar ishchi kiyimi va issiq ovqat bilan ta'minlangan.