Hind firmasi AQSh prezidentligiga nomzod Donald Trampga 6 ming quti assam ko‘k choyini sovg‘a tariqasida yo‘lladi. Bu haqida India TV telekanali ma'lum qildi.
Hindistondagi yetakchi "Te-A-Me" choy qadoqlash kompaniyasining boshqaruv direktori Sumit Shax Trampga videomurojaat yozib, unda "yaxshi tomonga o‘zgarish uchun ong va organizmini tozalashda choydan foydalanishni" tavsiya qiladi.
"Hurmatli, janob Tramp, sizga Hindistondan salom! Biz sizga bir olam tabiiy ko‘k choy yuboryapmiz. U ziyon yetkazuvchi erkin radikallarga qarshi kurashadi. Bu ong va tanani tozalashga, shuningdek organizmda sog‘lom muvozanatni tiklashga yordam beradi. Boz ustiga bu choy aql salohiyatini oshirish uchun sinalgan vositadir. Iltimos, uni o‘zingiz, Amerika va butun dunyo uchun iching! Tozalanishning kechi bo‘lmaydi".
Sumit Shax jurnalistlarga qimmatli sovg‘aning bahosini aytishdan bosh tortdi, lekin choyning "sog‘liq uchun samarasi juda katta" ekanligini aytdi, ayniqsa, uni kuniga 3 piyola ichsa. "Bizning fikrimizcha, ushbu ajoyib va foydali ichimlikni iste'mol qilish insonni yaxshi tomonga o‘zgartiradi. U janob Trampga o‘z mamlakati va butun dunyoga foyda keltirishga yordam beradi", - dedi u.
Assam shimoli-sharqiy shtati Hindistonning eng asosiy choy yetishtiruvchi hududlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda asosan qora choy navlari yetishtiriladi. Ko‘k choy Assamda kamroq tarqalgan bo‘lsa-da, qimmat baholanadi, chunki unga yosh va nafis barglar talab qilinadi.