Toshkentda maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyachilari o‘rtasida “Yil tarbiyachisi – 2016” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.
Tanlovda ishtirok etgan tarbiyachilarning bilim va iste'dodi to‘rtta shart bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi. Test sinovi, tarbiyachilarning o‘zlari yasagan didaktik materiallari taqdimoti, “Bugungi tarbiyachi qanday bo‘lishi kerak?” mavzuidagi chiqish hamda ertak, hikoya va masallardan parcha ijro etish hakamlar hay'ati tomonidan baholab borildi.
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahridagi 28-maktabgacha ta'lim muassasasi tarbiyachisi Gulasal Zaynobiddinova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Muassasamizda matematika, nutq o‘stirish, savodxonlik, atrof-muhit va tabiat bilan tanishish, musiqiy tarbiya, ingliz tili, jismoniy tarbiya bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi, – deydi Gulasal Zaynobiddinova. – Bu tanlovda qatnashib, ko‘plab hamkasblarimning tajribasini o‘rgandim. “Sehrli sandiqcha”, “Mo‘'jizakor quticha”, “Ajoyibotlar olami” nomli interfaol usuldagi ishlarim hakamlarga ma'qul bo‘ldi.
Samarqand shahridagi 60-maxsus maktabgacha ta'lim muassasasi tarbiyachisi Munavvar Qobilova ikkinchi, Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 259-maktabgacha ta'lim muassasasi tarbiyachisi Munisa Olimova uchinchi o‘ringa loyiq topildi.