Shvetsiya hukumati Iroq Kurdistonidagi peshmerga kuchlarini tayyorlovchi harbiylari sonini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. IShID terrorchilik guruhiga qarshi kurashayotgan xalqaro koalitsiya shu mazmunda murojaat qilgan, deb xabar qilmoqda Shvetsiya Radiosi.
Shvetsiya mudofaa vaziri Peter Xultkvistning so‘zlariga ko‘ra, shved harbiylarining faoliyatini kengaytirish yo‘li bilan IShIDga qarshi kurashga hissa qo‘shiladi. Uning aytishicha, ko‘plab davlatlar allaqachon shunday yo‘l tutgan. Shvetsiya ham ulardan o‘rnak olishi maqsadga muvofiq.
Xabarlarga ko‘ra, Iroqdagi shvetsiyalik harbiylar soni 35dan 70 nafarga yetkaziladi. Mamlakat hukumati ushbu masala yuzasidan yaqin orada yakuniy qaror qabul qilishi kutilayapti. Koalitsiya so‘rovida shuningdek, tibbiy anjomlar bilan jihozlangan tibbiyot mutaxassislarini jo‘natish ham qayd etilgan.
Radioning xabar qilishicha, Shvetsiya Iroqdagi harbiylari sonini ikki baravarga ko‘paytirish xususidagi qarorini kelasi hafta IShIDga qarshi koalitsiyaning Vashingtonda bo‘lib o‘tajak yig‘ilishida rasman e'lon qiladi.