Buyuk Britaniyaning Konservativ partiyasi tomonidan yetakchi qilib tayinlangan, ichki ishlar vaziri Tereza Mey 13 iyulda mamlakat bosh vaziri lavozimiga kirgandan keyin yadroviy hujum yoki hukumatning halokati vaziyatiga maxfiy maktublar yozishi kerak bo‘ladi. Bu tartibort yangi bosh vazir amal qilishi zarur bo‘lgan bayonnomaning bandlaridan biri hisoblanadi.
Mey bunday oxirgi umid xatlarini o‘z qo‘li bilan 4 ta nusxada yozadi, shundan keyin maktublar konvertlarga joylanib, yadroviy jangovor zaryadlarga ega bo‘lgan Trident ballistik raketalari joylashgan 4 ta suv osti kemasining sardorlariga yuboriladi. Bosh vazir maktublari suv osti kemalarining markaziy jangovor postlaridagi seyflarda saqlanadi.
Maktublar matni hech qachon oshkor qilinmaydi. Bosh vazir lavozimidan ketganda ular yo‘q qilib yuboriladi. Taxminlarcha, maktubda haraktlarning 4 variantidan biri haqida buyruq bo‘ladi: yadroviy javob zarbasi berish, undan voz kechish, harbiylarning o‘zi qaror qabul qilishi yoki ittifoqdosh davlatning qo‘mondonligi ostiga o‘tish.
59 yoshli Mey 11 iyulda Konservativ partiyaning yetakchisi bo‘lib saylandi. Konservatorlar hokimiyat yuqorisida bo‘lganlari uchun Meyning partiya ichidagi g‘alabasi uning bosh vazir lavozimini egallashini anglatadi.
Bosh vazir nomzodini Buyuk Britaniya qirolichasi belgilaydi, nomzod bundan avval monarx bilan uchrashadi. Qirolicha Yelizaveta II uchun bu shunday 13-uchrashuv bo‘ladi.