AQShning ABC telekanali issiq havoda parkovka qilingan avtomobil saloni qanchalik kuchli qizishi mumkinligini ko‘rsatish uchun tajriba o‘tkazdi. Tajriba doirasida kanal xodimlari bunday mashina ichida pechene pishirishdi.
Mashinaning old paneliga pechene xamiri bo‘lgan metall patnis qo‘yilib, salonda termometr o‘rnatildi. Ko‘chada havo harorati 30-33 gradus atrofida bo‘lganda, avtomobil ichidagi harorat ikki soatdan kamroq vaqt ichida 60 gradusgacha qizib ketdi.
Ikki yarim soatda pechene ichidagi harorat 75 gradusga yetdi va u to‘liq tayyor holatga keldi.
Telekanalda ta'kidlanishicha, hattoki havo harorati 15 gradus bo‘lgan salqin quyoshli kunda ham mashina saloni 38 gradusgacha, 32 gradusli haroratda esa 70 gradusgacha qizishi mumkin. Bunda salon ichidagi harorat birinchi yarim soatda 80 foizga ko‘tariladi.
Kids And Cars tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, AQShda issiq urishdan har yili mashina ichida ota-onalar tomonidan qoldirib ketilgan 37 bola halok bo‘ladi. Mashina saloni ichida qoldirib ketilgan uy hayvonlari esa 15 daqiqa ichida miya shikasti olishlari yoki hattoki nobud bo‘lishlari ham mumkin.