O‘zbekiston bilan qishloq xo‘jalik sohasida hamkorlik qilish Rossiya uchun ustuvor va uzoq muddatli strategik vazifalardan biri hisoblanadi. Bu haqida Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro meva va sabzavot ko‘rgazmasida Rossiya Federatsiyasi qishloq xo‘jalik vazirining o‘rinbosari Sergey Levin ma'lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya O‘zbekistondan meva va sabzavotlarni yetkazib berishni oshirishga alohida e'tibor qaratadi.
RF prezidenti Vladimir Putin hukumatga bu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan aloqalarni faollashtirish haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifa bergan.
Levinning ta'kidlashicha, Rossiya O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlik qilishga tayyor. Shuningdek u Xalqaro meva va sabzavot yarmarkasi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi agrar hamkorlikni yanada rivojlantirishda yangi imkoniyatlarni ochadi. Bundan tashqari yarmarka qishloq xo‘jaligi sohasi vakillarining boshqa mamlakatlardagi hamkasblari bilan muloqot qilishiga imkon yaratadi, deb hisoblaydi vazir o‘rinbosari.
"Ishonchim komilki, mazkur yarmarka O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy va siyosiy munosabatlarga yangicha tus beradi", - deya qo‘shimcha qildi Levin.