XXR TIV Haaga hakamlik sudining Filippin arizasi bo‘yicha chiqargan xulosasiga nisbatan rasmiy bayonotini e'lon qildi. Unga ko‘ra, Janubiy-Xitoy dengizidagi tortishuvli orollarga oid sud qarori Xitoyning ushbu dengiz havzasidagi manfaat va suverenitetiga ta'sir ko‘rsatmaydi.
«Bu kabi sud qarori, Xitoyning Janubiy-Xitoy dengizidagi huquq va manfaatlariga har qanday holatda ham ta'sir ko‘rsata olmaydi. Xitoy ushbu mahkama xulosasiga qarshi chiqadi va unga asoslangan talab yoki harakatlarni hech qachon qabul qilmaydi», — deyiladi vazirlik bayonotida.
Aniqlik kiritilishicha, rasmiy Pekin hududiy tortishuvlar va dengiz chegaralari belgilanishini uchinchi tomon hal etishi imkoniyatini rad etadi.
Avvalroq, Haaga xalqaro hakamlik sudi, Xitoy Janubiy-Xitoy dengizidagi mojaroli hududlarga tarixiy jihatdan da'vo qila olmasligi xususida qaror chiqargan edi.