Istanbulning "Beshiktosh" jamoasi yarim himoyachisi Xose Sosa yozgi ta'til tugaganidan keyin mavsumoldi yig‘inlarida ishtirok etish uchun klub bazasiga qaytmagan. 31 yoshli argentinalik bu futbolchi teraktlar takrorlanishidan qo‘rqqani uchun, Turkiyani butunlay tark etmoqchi.
Bundan oldinroq Sosa "Milan" jamoasiga o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.
Eslatib o‘tamiz, 28 iyun kuni 3 nafar terrorchi Istanbul shahridagi xalqaro aeroportda o‘zini portlatib yuborgandi. Bu terakt oqibatida 42 kishi halok bo‘lib, 239 kishi jarohatlandi.
"Aeroportda ro‘y bergan so‘nggi terakt vaqtida oila a'zolarim ham jabrlanishi mumkin edi. Bu voqeadan keyin Istanbuldan ketdik. Bizning ikki qizimiz bor, ular mo‘'jizaning o‘zginasi. Biz ularni himoya qilishni istaymiz. Men jamoa rahbariyati bilan gaplashib, ularda menga yordam berishlarini so‘radim va ularga oilamdan xavotirda bo‘lgan holda yashay olmasligimni bildirdim.
Men "Beshiktosh"ga shu vaqtgacha ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildiraman. Biz birgalikda ajoyib yillarni o‘tkazdik. Lekin endi ketishim kerak", deya uning so‘zlarini keltiradi The Sun nashri.
Manba: Tribuna.uz