Andijonda “Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mazmunidagi targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda

Jamiyat 21:22 / 12.07.2016 8367

Poytaxtdan tashrif buyurgan adabiyot, san'at namoyandalari, milliy istiqlol g‘oyasi targ‘ibotchilarining katta bir guruhi 11 iyul kuni Asaka, Bo‘z va Baliqchi tumanlarida bo‘ldilar. Samimiy muloqotlarda shonli tariximizning yigirma besh yillik oltin sahifasi bosh mavzuga aylandi.

Istiqlol yillarida kundan-kun chiroy ochib borayotgan Asaka tumanida mehmonlarni tantanali ravishda kutib oldilar. Targ‘ibot guruhi vakillari tumandagi bir qator kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va umumta'lim maktablarida bo‘lib aholi va yoshlar bilan uchrashdi.

Uchrashuvlarda yurtimizning bugungi kunda barcha sohalarda qo‘lga kiritib kelayotgan ulkan yutuqlari, shu bilan birga, hozirgi murakkab zamonda yoshlarimiz ongini milliy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan zararli g‘oyalar ta'siridan himoya qilishga har birimiz jiddiy yondoshishimiz lozimligi e'tirof etildi. Erkin munozara tarzida o‘tgan mashvaratda aholi vakillari va yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob topdilar.

- Ertangi kunimizning tayanchi va suyanchi bo‘lmish yosh avlodga ishonamiz, - dedi kinoaktyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rixsivoy Aliyev. Taniqli san'atkor asakalik o‘zbek jang san'ati bo‘yicha Jahon chempioni Mohigul Ahmadjonova bilan samimiy muloqoti chog‘ida bu qiz Fransiyada sport shohsupasiga ko‘tarilganligini aytganida barcha qarsaklar bilan olqishladi.

-Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas'uliyatni zimmasiga olishga qodir insonlar bilan faxrlanamiz, - deydi kinosan'atkor Anjyelina Yesembetova.

“Nihol” mukofoti sovrindori Shahzodbek Sobirjonovning yangroq ovozi davraga fayz kiritdi. “Oltin qalam” mukofoti sohibasi Zamira Ro‘ziyevaning she'rlarida mustaqillik, ona yurtga mehr-muhabbat tuyg‘ulari vasf etildi.

Uchrashuvlar yakunida gala-konsert dasturi namoyish etildi.

Bu – mening Vatanim, men uning farzandiman, shu yurt ravnaqi va buyuk kelajagi yo‘lida mehnat qilishga, ezgulikka intilib yashashga haqliman, deya qalb amri bilan yashayotgan hamyurtlarimiz hayotida bu madaniy-ma'rifiy tadbirlar o‘chmas iz qoldirishi, shubhasiz. Uchrashuv-muloqotlar davom etmoqda.

 

Mavluda Azimova, “Asaka tongi” gazetasi muharriri

Ko‘proq yangiliklar: