To‘pqopi sirli saroy

Light 15:00 / 08.07.2016 27034

Qadimiy  va sirli Istanbul shahrining diqqatga sazovor joylaridan biri, “Muhtasham 100 yil” filmining asosiy qahramoni Sulton Sulaymon qarorgohi bo‘lmish “To‘pqopi saroyi”dir (o‘zbekchada “To‘pli darvoza saroyi”).

Tahlilchilar “To‘pqopi saroyi”ni xuddi Istanbul kabi juda ham sirli ekanini ta'kidlashadi. Saroyga bu nom sulton har gal saroydan chiqqanda va kirganda to‘p otilgani bois berilgan.

To‘pqopi saroyi Sulton Ahmad va uch marta qayta tiklangan Ayo Sofiya masjidlari bilan deyarli yonma-yon joylashgan. Saroyning gullab-yashnagan davrida bu yerda 4-5 mingga yaqin kishi istiqomat qilgani aytiladi.

Biroq saroyda qandaydir tadbir o‘tkaziladigan bo‘lsa, u o‘zida 10 mingga yaqin kishini sig‘dira olgan. Sulton oshxonasida bir vaqtning o‘zida mingga yaqin oshpaz ishlagan. Bir yilda saroyga 30 mingta jo‘ja, 23 mingta qo‘y, 14 mingta buzoq olib kelingan. Ayni damda oshxona xitoy, yapon va turk chinnilari hamda Venetsiya shishalari muzeyiga aylantirilgan. Saroy javohirlari Mahmud Fotih qarorgohida namoyish etiladi.

1459 yilda Sulton Mahmud Fotih tomonidan qurilishi boshlangan To‘pqopi saroyi 1924 yildan boshlab muzeyga aylantirilgan. Ayni damda umumiy maydoni 700 ming kvadrat metr bo‘lgan saroyga kirish haqi 10 dollar bo‘lib, yil davomida ziyoratgohdan sayyohatchilar arimaydi.

Saroyning ayrim hududlariga kirish uchun alohida chipta sotib olish kerak bo‘ladi. Bugungi kunda To‘pqopi muzeyi kolleksiyasida saqlanayotgan sharq chinni idishlari bo‘yicha Pekin va Drezden saroylaridan so‘ng uchinchi o‘rinda turadi. Bu yerda 10 ming 700ta buyum saqlanadi. Jahonning eng mashhur muzeylaridan biri hisoblanmish To‘pqopi saroy-muzeyida madaniyat yodgorliklari – qadimiy qo‘lyozmalar, xitoy va yapon chinnilari, qurol-yarog‘lar, sultonlarning kiyim-boshlari ko‘z qorachig‘idek saqlanmoqda. To‘pqopi muzeyi YuNeSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Istanbulga tashrif buyurgan har bir sayyoh To‘pqopi saroyini bir marta tomosha qilmasdan ketmaydi.

To‘pqopi nafaqat hashamati bilan, balki o‘sha zamon sirlarini o‘zida saqlagani bilan ham tarixga kirgan. Bunga Oltin panjara deb atalmish bino misol bo‘la oladi. Bu yerda asosan taxt vorislari istiqomat qilgan. Merosxo‘r shahzodalar bir-birlari bilan aslo uchrashmagan. Ular 18 yoshga qadar saroyda tarbiyalanib, keyinchalik mamlakatning turli viloyatlariga yuborilgan. Shahzodalarning ko‘pchiligi saroy fitnasining qurboniga aylangan. Ularning o‘limi bilan bog‘liq tafsilotlar saroydan tashqariga chiqmagan, sirliligicha qolgan.

Salkam 400 yil davomida (1465-1853 yillarda) turk sultonlarining qarorgohi bo‘lgan To‘pqopi saroyida shu yillar mobaynida 25 nafar hukmdor mamlakatni boshqargan. Tarixchilarning so‘zlariga qaraganda, har bir sulton davrida saroyda yong‘in chiqqani bois, muntazam ta'mirlab kelingan. Shu sababli ham biri—biridan devorlar bilan ajratilgan to‘rtta hovlidan iborat To‘pqopi saroyining hozirgi ko‘rinishida har bir sultonning hissasi bor deyish mumkin.

Istanbulning tarixiy markazidagi To‘pqopi saroyi 17 asrga kelib o‘z ahamiyatini yo‘qota borgan. Bunga 1854 yilda Bosfor sohillarida yevropalik me'morlar ishtirokida 285ta xona, 46ta zal va galereya, 6ta hammomi  bo‘lmish “Do‘lma bog‘cha” nomini olgan saroy qurilishi sabab bo‘lgan.

Sharofiddin To‘laganov tarjima qildi

Ko‘proq yangiliklar: