Bahodir To‘rayev yoshi qirqdan oshib ham aqli kirmagan, hayotda o‘rnini topmaganlardan edi. U bolaligidan erka bo‘lib o‘sdi, oilada aytgani-aytgan, degani degan edi. Vaqt o‘tib, ota-ona bu o‘g‘ilni taltaytirib yuborishganiga juda qattiq afsus qilishdi. Ulg‘aygani sayin qilig‘i sovib borayotgan o‘g‘ilni yo‘lga sololmay, oxiri taqdirga tan berishdi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
Ikki marta sudning “qora kursi”siga o‘tirib ham Bahodirning ko‘zi ochilmadi. Oilasi bilan ajrashdi. Ichkilikka ruju qo‘ydi.
O‘sha kuni, ya'ni joriy yilning 20 martida ham u odatdagidek uyiga kechga yaqin mast holda kirib keldi. Bunday paytda unga ro‘baro‘ kelishdan yuragi bezillab qolgan ota-onasi uning beg‘alva uxlab qolishini kutishdi. Biroq u allamahalgacha xonama-xona izg‘ib yurdi. Bir mahal onasining xonasida, shundoq gilamning ustida uxlab qoldi.
Ota baribir ota ekan-da, quruq yerda uxlab qolganini ko‘rib o‘g‘lini uyg‘otishga urindi: “Tur, Bahodir, joyingga borib yot”. Bedavo o‘g‘ilga shu ham malol keldi. Otasiga o‘dag‘aylab, so‘kib tashladi. Sabr kosasi to‘lib ketgan ota qattiqroq gapirdi. Bahodirga shu kerak edi, otasining yoqasiga yopishdi. Onasi “Jon bolam, nima qilyapsan”, deya yalinib, uning qo‘liga tirmashdi.
Baqir-chaqir qilib hovliga chiqqan Bahodirning ko‘zi bir chetda turgan domkratga tushdi. Uni qo‘liga olib otasining ustiga bostirib kirdi. Himoyasiz, keksa otasini u bilan ayovsiz ura boshladi. O‘rtaga tushgan onasini ham ayab o‘tirmadi...
Sud tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, B.To‘rayevning jinoiy xatti-harakati oqibatida otasi H.To‘rayevga bel umurtqasining sinishi, burun sohasining lat yeyishi kabi jarohatlar yetkazilgan. Shuningdek, onasi ham o‘rtacha og‘irlikdagi jarohatlar olgan.
Sud majlisida ishtirok eta olmagan ota ham, noqobil o‘g‘ildan faqatgina jabr-zulm ko‘rgan ona ham uni kechirmasliklarini aytib, qonuniy jazo berilishini so‘radi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining hukmi bilan oqpadar o‘g‘il qilmishiga yarasha jazoga tortildi.