Meksika bo‘g‘ozi sohillarida dam oluvchi va yashovchilar yaqin orada o‘limga olib keluvchi xavfga duch kelishlari mumkin. Olimlar bu yerdagi suvlarda juda xavfli "Sintiya" bakteriyasi qo‘nim topganini aytishmoqda. Bu bakteriya inson organizmiga tushib, keyinroq oyoq-qo‘llarni yo‘qotishga olib keluvchi gangrena keltirib chiqarishi va hattoki o‘limga olib kelishi mumkin, deb yozmoqda The Guardian nashri.
Mahalliy aholining aytishicha, voqea 2010 yilda British Petroleum’ning neft platformasida portlash yuz bergandan keyin boshlangan. Mutaxassislar yarim yil davomida falokat oqibatlarini bartaraf etishga urinishgan: portlash oqibatida dengizga 5 mln barrel neft tushib, 100 ming kvadrat kilometrlik ulkan neft dog‘i hosil bo‘lgan. Ziyonni qoplash uchun kompaniya turfirma va baliqchilarga 27 mln yevro tovon puli to‘lagan.
Katta moliyaviy yo‘qotishlar kompaniyani falokat oqibatlarini bataraf etishda noan'anaviy usullarga murojaat qilishga majbur qilgan. Jumladan, bu maqsadda Nobel mukofoti sovrindori Xemilton Smit boshchiligidagi 20 nafar taniqli olimlar neftni yutib va suvni tozalashga ko‘mak beruvchi bakteriya yaratishgan. U "Sintiya" degan nom olgan. Biroq nimadir izdan chiqqan va bakteriya odamlarga "hujum qila" boshlagan.
Ba'zilar esa bakteriya dengizda doim bo‘lgani, biroq neftning dengizga tushishi vaziyatni murakkablashtirganini aytishgan. Bu fikrni mahalliy aholi vakili Joko Engl ham ma'qullamoqda. Uning oyog‘i zararlangandan keyin bir necha barobar kattalashib ketgan.
"Fikrimcha, neft ular ishlatgan kimyoviy moddalar bilan birgalikda Sintiyaning rivojlanishi uchun muhit yaratgan", deb aytmoqda Engl.
Uning fikricha, bu bakteriyadan ikki yo‘l bilan zararlanish mumkin: dengizda ovlangan dengiz mahsulotlari hamda tanadagi jarohat orqali. Bakteriya teri ostiga kirgach, mushaklar orasida joylashib, juda zararli toksin ishlab chiqaradi hamda mushaklar tarkibini barbod qiladi.
AQSh kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazida oxirgi yilda bakteriyadan 97 kishi zararlangani, ulardan 27 nafari halok bo‘lgani ma'lum qilindi.