Belgiya hukumati Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqini tark etishga qaror qilganidan keyin Belgiyada yashovchi va ishlovchi britaniyaliklardan fuqarolik berish bo‘yicha yuzlab arizalar olmoqdalar. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.
Ayni vaqtda Belgiyada Buyuk Britaniyaning 24 ming fuqarosi, ulardan uchdan biri esa Bryusselda yashaydi. Ulardan ko‘pchiligi NATO yoki YeIning turli tashkilotlarida ishlaydilar.
Iksel kommunasi boshlig‘i Dominik Defurni oxirgi bir necha kun ichida 40 kishi fuqarolik olish bo‘yicha ma'lumot so‘raganini ma'lum qildi.
"Bu to‘xtovsiz yuz bermoqda. Ba'zilar zarur ma'lumotni ertalabki 7.30 dan boshlab so‘ramoqda", deb aytdi Defurni.
Boshqa kommunalar ham shunga o‘xshash vaziyatdan xabar berishmoqda. Hukumat vakillarining aytishlaricha, ular bunday murojaatlarni avval juda kam olishgan.
"Odatda biz fuqarolik yuzasidan ma'lumot berish haqida kam murojaat olamiz. Biroq jumadan beri haqiqiy bum yuz berdi", deb aytdi Volyuve-Sen-Lamber kommunasi vakili.
Belgiya fuqaroligini mamlakatda 5 yil yashagan va ishlagan hamda fransuz, nemis yoki golland tilida so‘zlasha oladigan odamlar olishi mumkin.
Hammasi bo‘lib YeI davlatlarida 1,3 mlnga yaqin britaniyalik va YeI davlatlarining 3 mln ga yaqin fuqarosi Buyuk Britaniyada ishlab, yashaydi.