O‘zbekiston Respublikasi hukumati, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi qoshidagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi tarkibida "O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi"ni tashkil etishga oid qaror qabul qildi.
Yangi jamg‘arma o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha mablag‘larni shakllantirish, o‘rmon xo‘jaliklari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni muhofaza qilish, qo‘riqlash hamda o‘rmon xo‘jaliklari yerlarida o‘simlik va hayvonot dunyosini tiklash va ko‘paytirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etiladi.
Qarorga muvofiq, Fond mablag‘lari o‘rmon fondi hududlariga ruxsat berish va ruxsatnomalarni rasmiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar, o‘rmon xo‘jaligining o‘simlik yoki hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar uchun belgilangan jarimalarni undirish, madaniy-ma'rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish kabi maqsadlarda foydalanish orqali orttirilgan daromadalar hisobidan shakllantiriladi.
Bundan tashqari, jamg‘armaga yuridik va jismoniy shaxslar (xorijiy fuqarolar shular jumlasidan) ko‘ngilli ravishda xayriya mablag‘lari o‘tkazishi ham mumkin.
Jamg‘arma mablag‘lari o‘z navbatida, o‘rmon xo‘jaliklari o‘simlik va hayvonot dunyosiga zarar yetkazishning oldini olish, yetkazilgan talofatni bartaraf etish, o‘rmonlarni muhofaza qilish uchun texnika va texnologiyalar xarid qilish, ekologik monitoring tizimlari, asbob-uskunalar va kompyuter dasturlari sotib olishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, urug‘chilik, navchilik, tabiiy ko‘chatzorlar yaratish, tajriba maydonlari, ko‘chatzorlar, issiqxonalar, dorivor o‘simliklar dalalarida ilg‘or texnologiyalarni sinash kabi ishlar ham yangi Fond hisobidan amalga oshiriladi. Shu bilan birga, o‘rmon xo‘jaligida noqonuniy faoliyatni aniqlagan kishilarga mukofot pullari ham jamg‘arma hisobidan qoplanadi.