Sport epikirovkalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan Puma kompaniyasi Shveytsariya terma jamoasining Fransiyaga qarshi uchrashuv vaqtida 4 futbolchining liboslari yirtilib ketgani sabablarini aniqlashgan va'da berdi.
Kompaniya vakili jurnalistlarga bergan intervyusida bu borada tekshiruvlar o‘tkazilishini, natijalar keyinroq ma'lum qilinishini bildirgan.
Puma turnirda ishtirok etayotgan 5ta terma jamoani liboslar bilan ta'minlagan, bu jamoalar turnirda 10ta uchrashuv o‘tkazib bo‘lgan, shu vaqtgacha bunday holat kuzatilmagandi.
Puma kompaniyasining asosiy raqobatchisi Adidas hisoblanadi. Nemislarning bu firmasi Yevropa chempionatida ishtirok etayotgan 24 terma jamoaning 9tasini "kiyintirgan".
Reyter ma'lumotiga ko‘ra, har bir futbolchi uchun har bir o‘yinga 3tadan libos tayyorlangan.
Adidas matbuot xizmati vakili Kati Shrayberning bildirishicha, formalardan biri birinchi bo‘lim uchun, yana biri ikkinchi bo‘lim uchun, uchinchisi zaxirada bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 20 iyunga o‘tar kechasi Shveytsariya va Fransiya terma jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan, 0:0 hisobida yakunlangan o‘yin davomida Admir Mehmedi, Breel Embolo, Blerim Jyemaili hamda Granit Chakaning (2 marta) futbolkalari yirtilib ketdi va ular zaxirada turgan yangi liboslarni kiyib o‘yinni davom ettirishga majbur bo‘lishdi.
Keyinroq Shveytsariya terma jamoasi a'zosi Cherdan Shakiri bu hodisaga hazilomuz tarzda yondashib, munosabat bildirdi.
Terma jamoa darvozaboni Yan Zommer esa bu hodisa sport epikirovkalariga munosabatni o‘zgartirmasligi kerakligini aytdi.
«Bunday holatlar yuz berib turadi. Bu biz maydonda qanday keskin kurash olib borganimizni anglatadi», — degan u.