Nukus shahrida yashovchi fuqaro S.Qutlimuratova ana shundaylar toifasidan bo‘lib chiqdi. U muqaddam jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus tuman sudi tomonidan firibgarlik jinoyati uchun sudlangan edi. U amnistiya aktiga binoan jazodan ozod qilingan bo‘lsa-da, yana eski hunarini boshladi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
Jinoiy javobgarlikdan ozod etilgandan so‘ng shaharda “Kristall” maishiy xizmat ko‘rsatish markaziga ishga kirgan S.Qutlimuratova avvaliga tuppa-tuzuk ishlab yurgan edi. Keyin eski “kasali” xuruj qildimi yoki nafsi tinchlik bermadimi, xullas doimiy mijozlaridan biri Raushanga: “Plastik kartochkasida puli bor odamlardan topib kelsang, besh foizdan ushlab, naqd pul qilib beraman”, deb qoldi.
Anchadan beri tanish bo‘lganligi bois, Raushan ham unga ishondi va hamkasblariga ushbu gapni yetkazdi. Qarabsizki, ko‘p o‘tmay uning oldiga birin-ketin plastik kartochkasiga puli fuqarolar kela boshlashadi. S.Qutlimuratova fuqaro M.Apsametovaning 2 mln.so‘m, A.Baymuratova 300 ming so‘m, V.Qurbaniyozova 200 ming so‘m, R.Bekniyazovaning 200 ming so‘m, A.Primbetova esa 525 ming so‘m pul mablag‘i bo‘lgan plastik kartochkalarini yig‘ib oladi-da, tezda naqd qilib berishni va'da qiladi.
Oradan kunlar o‘tadi. Puldan ham plastik kartochkalaran ham darak bo‘lavermagach, fuqarolar S.Qutlimuratovaga qo‘ng‘iroq qilib, pullarini qaytarib berishni talab qilishadi.
S.Qutlimuratova ularga faqat plastik kartochkalarini qaytarib beradi Kartochkalarni ishlatib yuborilgan pullarni qaytarishni esa turli bahonalar bilan paysalga soladi. Firibgarlarga duch kelishganini anglagan fuqarolar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga majbur bo‘lishadi.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergov-surishtiruv ishlari davomida S.Qutlimurotova aybiga iqror bo‘lib, oilaviy qarzlari ko‘payib ketganligi sababli mazkur jinoyatga qo‘l urganligini aytib kechirim so‘radi. Unga qilmishiga yarasha tegishli jazo tayinlandi.