Italiyaning shimolida joylashgan Izeo ko‘lida asli kelib chiqishi bolgariyalik bo‘lgan amerikalik haykaltarosh Xristo Yavashevning yangi katta installyatsiyasi shanba kuni ochildi. «Suzuvchi yo‘lakcha» (The Floating piers) nomli installyatsiya uch kilometrlik yo‘lakchadan iborat bo‘lib, eniga 10 metrni tashkil etadi. Suv ustidan o‘tuvchi san'at asari qirg‘oq bo‘yidagi Suldzano shaharchasini Monte-Izeo orolchasi bilan bog‘laydi.
Yo‘lakchani yaratish uchun Xristo Yavashev inson og‘irligini ko‘tara oladigan va suv sathida tura oladigan 220 ming kub hajmdagi maxsus ashyodan foydalangan. Yo‘lakchadan yurib ketayotgan odam o‘zini suvning ustida yurayotgandek his etadi. Buni to‘liqroq his etish uchun muallif «yo‘lakchadan» oyoq kiyimsiz yurishni maslahat beradi. Oxirgi berilgan bezak maxsus olov rangdagi mato bo‘lib, quyosh nurlari ostida yo‘lakcha sariq rangga kiradi.
«Suzuvchi yo‘lakcha» loyihasini amalga oshirish uchun haykaltarosh o‘zining 15 million yevrosini sarfladi. «Suvdagi yo‘lak» uchun kirish bepul.
Italiyaning bu mintaqasidagi sayyohlik biznesi bu yangi loyihadan 50 million yevro foyda ko‘rishi kutilmoqda. "Skay-ti-ji-24" telekanalining ta'kidlashicha, installyatsiya o‘rnatilganidan so‘ng qirg‘oq atrofidagi mehmonxonalarning narxi uch barobar oshib ketdi. Taxmin qilinishicha, Izeodagi «Suzuvchi yo‘lakcha»larni ko‘rish va ularning ustida sayr qilib ko‘rish uchun ikki haftada yarim milliongacha sayyoh tashrif buyurar ekan. «Suzuvchi yo‘lakcha»larning umri qisqa bo‘lib, ularni 3 iyul kuni yig‘ishtirib olishadi.