24 iyul kuni O‘zbekiston hamda Iroq milliy terma jamoalari Toshkentda xalqaro o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi. Bu o‘yinga e'tibor shunchalik kattaki, hattoki Yevropaning yetakchi telekanallaridan biri Eurosport hozirdan o‘yinni reklama qilishni boshladi.
"24 iyul kuni kech soat 00:00da Eurosport'da O‘zbekiston hamda Iroq terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazib yubormang. Kim kuchli: Samvel Babayanmi yoki Abdul G‘ani Shahadmi?", deb yozadi telekanalning internet sayti.
Eslatib o‘tamiz, bu O‘zbekiston milliy terma jamoasining Samvel Babayan boshchiligidagi Toshkentdagi ilk o‘rtoqlik o‘yini bo‘ladi.
O‘zbekiston terma jamoasining avval Qirg‘iziston, keyin esa Ekvatorial Gvineya bilan 2 iyun kuniga belgilangan o‘rtoqlik uchrashuvi turli sabablarga ko‘ra bekor qilingandi. Shundan keyin terma jamoa yakunda Oliy Liga legionerlariga qarshi bahs olib bordi. Yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan bellashuvda 2:2 hisobi qayd etilgandi.
Ma'lumot uchun, hozirgacha O‘zbekiston futbol federatsiyasi rasmiy saytida ushbu o‘yin haqida hech qanday ma'lumot chop etilmagan.
Manba: Tribuna.Uz