ShHTning Toshkentdagi sammitida tashkilotga Hindiston va Pokistonning qo‘shilishi jarayoni boshlanadi

O‘zbekiston 16:53 / 17.06.2016 5596

Shanxay Hamkorlik tashkilotining Toshkent shahrida o‘tkaziladigan sammitida tashkilotga Hindiston va Pokiston davlatlari qo‘shilishi jarayoni boshlanadi. Bu haqda Xitoyning «Jenmin jibao» nashriga asoslanib, UzDaily xabar tarqatgan.

ShHT sammiti 23—24 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda ShHTning 2015 yil yozida Ufa shahrida o‘tkazilgan sammiti vaqtida Hindiston va Pokistonni tashkilot tarkibiga qabul qilish bo‘yicha kelishib olingan qarorning amaliyoti boshlanadi.

«Tashkilot shu tariqa o‘z tarkibini kengaytirish uchun muhim qadam tashlaydi», deyilgan xitoyliklar nashrida.

Tashkilot bosh kotibi Rashid Alimovning aytishicha, ShHTning to‘laqonli a'zosi maqomini olish uchun talabgor davlat 30dan ortiq hujjatni qabul qilishi zarur hisoblanadi.

«Ular so‘zsiz qabul qilinishi kerak. Takrorlayman - hech qanday istisnosiz, to‘liq qabul qilinishi kerak. Ulardan asosiysi - uzoq muddatli qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik haqidagi shartnomadir», — deya qayd etgan Alimov.

«Bu ikki mamlakat (Hindiston va Pokiston) deyarli 11 yildan buyon kuzatuvchi bo‘lib keldi. Bu mamlakatlarning to‘laqonli a'zo bo‘lishi haqidagi qaror chuqur o‘ylab ko‘rilgan. Bu shunchaki urf bo‘lgani uchun emas.

Ikki mamlakat ham ShHT Xartiyasida keltirilgan qadriyatlarga to‘la mos. Bizda shubha yo‘qki, tashkilot ularning ishtirokidan faqat yutadi. Hindiston va Pokiston ham ShHTning to‘laqonli a'zosi bo‘lishdan foyda ko‘rishiga shubha yo‘q. Bu mamlakatlar ShHT bilan qalin do‘stona aloqalarda», — deya ta'kidlagan bosh kotib.

Ko‘proq yangiliklar: