Obama Orlandoda terakt qurbonlari oilalari bilan uchrashdi

Jahon 08:47 / 17.06.2016 4623

AQSh prezidenti Barak Obama 16 iyunda Orlandoga tashrif buyurib, u yerda tungi klubda sodir etilgan terakt qurbonlari yaqinlari va bu fojiada omon qolganlar bilan uchrashdi. Obama terrorchiga qarshi operatsiyada ishtirok etgan politsiya xodimlari bilan ham suhbatlashdi. 

Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Erik Shultsning jurnalistlarga ma'lum qilishicha, prezident qurbonlar oilalariga shaxsan o‘zi hamdardlik bildirmoqchi va amerikaliklar fojia sodir bo‘lgan Florida aholisi bilan "yelkama-yelka turishini" ko‘rsatmoqchi bo‘lgan. "Bu uchrashuvlar ma'lum sabablarga ko‘ra telekameralarsiz o‘tazildi", deb qo‘shimcha qildi Shults.

Obamaga safarida vitse-prezident Jozef Bayden, Florida shtati senatorlari va kongressmenlari hamrohlik qildi. Obamani aeroportda kutib olgan shtat gubernatori Rik Skott va shahar meri Baddi Dayyer unga "Biz Orlando bilan birgamiz" degan yozuvi bo‘lgan futbolka taqdim qilishgan. Obamaning qurbonlar yaqinlari bilan uchrashuvi "Orlando mejik" basketbol jamoasi o‘z o‘yinlarini o‘tkazadigan sport saroyida bo‘lib o‘tgan.

12 iyunda 29 yoshli Omar Matin "Pulse" tungi klubida otishma sodir etgan. Oqibatda 49 kishi halok bo‘lgan, 53 kishi yaralangan. Bosqinchi politsiya tomonidan yo‘q qilingan. FQB ma'lumotlariga ko‘ra, terrorchi "ekstremistik targ‘ibot ta'siri ostida bo‘lgan" va IShIDga ro‘yxushlik bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: