Hindistonda mamlakat hayotida muqaddas o‘rin tutuvchi sigirlarni asrash va himoya qilish bo‘yicha maxsus vazirlik yaratishni rejalashtirishmoqda, deb xabar beradi The Wall Street Journal.
Ma'lum bo‘lishicha, tashabbus Butunjahon hind kengashi tomonidan aytilgan bo‘lib, hozirda bu taklif bosh vazir Narendra Modiga yuborildi. Parlament bu masalani iyulda boshlanuvchi yangi sessiyada ko‘rib chiqishni rejalashtirdi.
«Sigir bizning hayot timsolimiz, yuragimiz sanaladi. Unga yetarlicha e'tibor qaratilmayapti», — deya qayd etadi shaxsi sir tutilgan amaldor shaxs.
Uning so‘zlariga ko‘ra, g‘oya sigirlarni halokatdan qutqarishga qaratilgan. Shuningdek, bu mamlakatda sut ishlab chiqarishni ham kuchaytiradi.
WSJ yozishicha, Hindistonda qoramol so‘yish uzoq yillardan beri jiddiy muammo sanalgan. Ayniqsa, bu masala o‘tgan yili olomonning mol go‘shtini yegani uchun musulmonlar ustidan o‘tkazgan zo‘ravonligidan keyin keskinlashib ketdi.