2005 yildan 2013 yilga qadar Rossiya Federatsiyasida ishlab yurgan Shavkat Rajabov birovlar ishonchiga kirib, O‘zbekiston Respublikasiga Rossiya Federatsiyasidan arzon narxlarda yuk tashuvchi “Gazel” avtomashinalari olib kelib berishni va'da qiladi. Unga ishongan fuqarolar avtomashina olish uchun peshona teri bilan ishlab topgan pullarni ishonib topshiradilar. Biroq uning maqsadi boshqa edi. Bu to‘g‘risida “Huquq” gazetasi yozmoqda.
Xullas, unga mashina savdosida Rossiya Federatsiyasidan turib Uchqun, Ne'mat, Xurshed, Zaur ismli tanishlari yordam berishadi va mashinalarni yurtimizga jo‘natadilar. Qozog‘istondan 5 ta “Gazel” avtomashinasini kutib olgan Sh.Rajabov 4 tasini o‘z nomiga, 1 donasini esa tanishi Amin Jumayev nomiga rasmiylashtirilishi lozim bo‘lganligi sababli bu avtomashinalar egalariga yetib bormaydi. “Gazel” kelishini kutaverib toqati toq bo‘lgan xaridorlarga esa turli bahonalar topishdan charchamaydi. Ushbu holat esa pullarini to‘lab qo‘ygan avtomashina egalarining noroziligiga sabab bo‘ladi.
Tergov jarayonida Sh.Rajabov va'dalarni “quyuq” qilib, Fuqaro Namoz To‘lqinovdan (jabrlanuvchilarning ism-sharifi o‘zgartirilgan) hamda uning Rossiyada ishlayotgan akalari Nizom hamda G‘ulomdan 60 ming AQSh dollari, yana bir fuqaro Shohnazar Haydarovdan 13 ming AQSh dollari va Oqil Mirzayevdan 45 million so‘m miqdordagi pullarni olganligi ma'lum bo‘ldi.
Jinoyat ishlari tuman sudining hukmi bilan Shavkat Rajabovga 4 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.