Hollivud aktyori Leonardo DiKaprio o‘zi bosh rolni ijro etgan “Uoll-stritlik bo‘ri” filmi uchun sudga chaqirtiriladi. Bu haqda The Guardian nashri yozmoqda.
Kartina prodyuseri va Paramount Pictures kinokompaniyasiga da'voni film prototipi Jordan Belfortning sobiq hamkasbi Endryu Grin surgan.
Grinning ta'kidlashicha, filmdagi ikkinchi darajali personaj Niki Koskoff qahramoni prototipi uning aynan o‘zidir. Kartinada ushbu qahramon “jinoyatchi” va “buzuq” inson sifatida gavdalantirilgan. Ushbu personaj rolini aktyor Pi Jyey Birn ijro etgan.
Da'vogarning ma'lum qilishicha, ushbu qahramon qatnashgan sahnalar yolg‘on va bo‘hton xarakterga ega, shuningdek, bu Grinning professional va shaxsiy faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi Shu bois u 15 mln dollar tovon puli da'vo etgan.
DiKaprio “Uoll-stritlik bo‘ri” kartinasida nafaqat bosh rolni ijro etgan, balki u prodyuserlar qatoriga ham kiradi. Shu bois sudyaning qarori bo‘yicha u ham sud qarshisida ko‘rsatma berishi kerak.