"O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi yo‘lovchilarni 24 iyun kuni aeroport vaqtincha (soat 13.00dan 18.00ga qadar) yopilishi haqida ogohlantirdi.
"O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi o‘z mijozlarini ogohlantiradi: 24.06.2016 yil, mahalliy vaqt bilan soat 13.00dan 18.00ga qadar "Toshkent" xalqaro aeroporti ShHT sammiti rasmiy delegatsiyalari samolyotlarini kuzatish munosabati bilan yo‘lovchilar reysini amalga oshirmaydi", — deyilgan xabarda.
Aviakompaniya keltirilgan noqulaylik uchun mijozlardan uzr so‘ragan.
Bundan oldinroq, Toshkent shahrida 23-24 iyun kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti o‘tkazilishi munosabati bilan shu kuni shahardan uchib ketadigan barcha yo‘lovchilar aeroportga reysdan to‘rt soat oldinroq kelishlari lozimligi xabar qilingandi. Bu haqdagi ogohlantirish aviakassa va sayyohlik agentliklariga tarqatilgan.
Qo‘shimcha ravishda jadvallarda o‘zgarishlar ehtimoli borligi haqida ma'lum qilinib, xalqaro va mahalliy reyslar yo‘lovchilaridan parvozning aniq vaqtini qo‘ng‘iroq qilib aniqlash so‘ralmoqda.