Andijonda bolalar oromgohlari ish boshladi

Jamiyat 10:03 / 17.06.2016 12202

Mana bolajonlar orziqib kutgan yozgi ta'til mavsumi ham boshlandi. O‘quv yili davomida qunt bilan ilm olgan o‘quvchilar endi yozgi oromgohlari bag‘rida dam oladilar. Aslida, oromgohlar maroqli dam olish maskanlari vazifasini o‘tash bilan birgalikda, u yerda o‘tkaziladigan tadbirlar va olib boriladigan to‘garaklar bola dunyoqarashini boyitish, ijodiy qobiliyatini shakllantirish, uning har tomonlama ma'naviy kamol topishiga yordam beruvchi asosiy tarbiya manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Oltinko‘l tumanida faoliyat yurituvchi “Navbahor” yozgi sog‘lomlashtirish oromgohi bahavo, soya-salqin daraxtlar bilan bilan o‘ralgan o‘rmon ho‘jaligi hududidiga joylashgan.

Bugun ushbu dam olish maskanida ilk davraning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni tuman hokimligi bosh mutaxassisi Zafarbek Ismoilov ochib, bolajonlarga yozgi mavsumda mazmunli dam olishlarini tiladi va oromgohda ularni ko‘ngilli hordiq chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini aytib o‘tdi. So‘zga chiqqan “Kamolot” YoIH tuman Kengashi raisi Gulnoza Satimova ta'til davomida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan qiziqarli tadbirlar to‘g‘risida ma'lumot berdi. Shundan so‘ng, tuman madaniyat uyi san'atkorlari hamda 17-son musiqa va san'at maktabi iqtidorli o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan katta konsert dasturi namoyish etildi.

-Oromgohimiz uch davralik mavsum davomida 650 nafar o‘quvchilarni qabul qiladi,-deydi maskan direktori Sherbek Po‘latov. Maskanimizda yoz mavsumida tashrif buyuradigan bolajonlarni maroqli hordiq chiqarishlari uchun barcha sharoitlar yetarli. Turli tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan ochiq sahna shay holatga keltirilgan. Tibbiyot va ma'naviyat xonalari to‘liq ta'mirdan chiqarilgan. Hududda uchta gulzor yaratilib, ming tupdan ziyod turli gul ko‘chatlari o‘tqazildi. Ta'til bolalarning miriqib dam olishlari, turli tuman tadbirlarda ishtirok etib, ijodiy va tashkilotchilik qobiliyatlarini rivojlantirishga keng imkon beruvchi davr. Oromgohimizda mavsum davomida ish olib borish uchun malakali yetakchilardan iborat jamoa shakllantirdik. O‘ylaymanki, farzandlarimiz maskanda ko‘ngilli hordiq chiqarib yangi o‘quv yiliga yetarli darajada kuch-quvvat yig‘adilar.

Elmurod ERMATOV, Andijon

Ko‘proq yangiliklar: